“Microsoft” korporatsiyasi “Skype” messenjeri va videokonferensiya xizmatini 2025-yil may oyida butunlay yopadi, deya xabar bermoqda “XDA” portali.
“XDA-Developers” mutaxassislari “Skype"ning “Windows” uchun mo‘ljallangan so‘nggi versiyasi kodida yashirin satr borligini aniqladi.
Qayd etilishicha, unda “Skype” 2025-yil may oyidan boshlab ishlamay qolishi ma’lum qilingan.
Foydalanuvchilarga “Teams” korporativ messenjeriga o‘tish taklif qilinmoqda. “Microsoft” xizmatning yopilishi haqidagi xabarga izoh bermadi.
“Skype” 2003-yilda tashkil etilgan, 2011-yilda “Microsoft” uni $8,5 mlrdga sotib olgan. So‘nggi o‘n yil ichida kompaniya xizmatni bir necha bor yangilagan va qayta ishlagan, 2016-yilda esa “Skype” texnologiyalari asosida qurilgan “Teams"ni taqdim etgan.
O‘shandan beri kompaniya “Skype"ni yangilashda davom etgan bo‘lsa ham"Teams” “Microsoft” uchun ustuvor ahamiyatga ega bo‘ldi. 2023-yilda u unga o‘zining “Bing” chat-botini qo‘shdi.
Avvaklroq “Spot” AQShda “Microsoft"ga qarshi keng ko‘lamli monopoliyaga qarshi tergov boshlangani haqida yozgandi.
Tekshiruv kompaniya faoliyatining bir nechta sohalariga, shu jumladan kiberxavfsizlik va sun’iy intellekt bilan ishlash bo‘linmalariga taalluqli bo‘ladi.