Avvalroq prezident xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritilishi belgilandi. Natijada o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin ish va xizmatlar turlari 104 taga yetadi.

Bunda ular faoliyat bilan litsenziya varaqasi asosida shug‘ullanishlari mumkin bo‘ladi. Litsenziyada uni oluvchi shaxs va avtomobili to‘g‘risidagi ma’lumotlar, shuningdek, faoliyat ko‘rsatish hududi va amal qilish muddati keltiriladi.

Yo‘nalishsiz taksi faoliyati uchun litsenziya berishda yiliga BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi. Boshqa sohalarda mehnat shartnomasiga asosan band bo‘lgan fuqarolar ham o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan holda transport vositalarida tashish faoliyati bilan shug‘ullanishlari mumkin.

Tashuvchilar har yili “UzTrans” axborot tizimi bazasiga kiritilgan ko‘p tarmoqli poliklinikalar va xususiy tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tishlari shart. Bundan tashqari, ular bir yilda bir marta avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazishlari kerak.

Shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan tashuvchilarning avtomobillari tom qismida “TAXI” tanish belgili fonar o‘rnatilishi zarur. Bunda old oynaning yuqoridagi o‘ng burchagiga yashil yoritish chirog‘ini, hisoblagich (taksometr) va radioaloqa vositasini, shuningdek, nazorat-kassa mashinasini o‘rnatish talab etilmaydi.

O‘zini o‘zi band qilganlarga tashuvlar bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik tartib 2022-yilning iyul oyida joriy etilgan va o‘sha yilning sentabr oyidan kuchga kirgan. Buning uchun o‘zini o‘zi band qilish (agar rasmiylashtirilmagan bo‘lsa), ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portalga murojaat qilish hamda boj to‘lash talab etiladi.

Xususiy tashuvchilar soliq to‘lashlari shart emas. Biroq, ular o‘z xohishiga ko‘ra, ish stajini oshirish va pensiya to‘lovlarini olish huquqiga ega bo‘lish uchun har yili BHMning 1 baravari miqdorida ijtimoiy soliq to‘lashlari mumkin.

Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil boshida O‘zbekistonda xususiy yo‘lovchi tashish sohasida 700 mingdan ortiq kishi faoliyat yuritgan. Ulardan qariyb 450 ming nafari 2024-yil davomida ro‘yxatdan o‘tgan.

Yanvar oyida prezident transport-logistika tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishgandi. Unda o‘zini o‘zi band qilganlarga doimiy ravishda taksichilik qilishga ruxsat berilishi ma’lum qilindi.