“Telegram” noma’lum kontaktlar haqida ma’lumotlarni ko‘rsata boshlaydi. Bu haqda Bu haqda “Kod Durova” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, funksiya hozirda messenjerning Android uchun beta-versiyada sinovdan o‘tkazilmoqda.
Bunda ilova quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi:
- suhbatdoshning telefon raqami qaysi mamlakatga tegishli ekanligi;
- uning akkaunti qaysi oy va yilda ro‘yxatdan o‘tkazilganligi;
- umumiy guruhlar soni;
- akkaunt “Telegram"ning rasmiy akkaunti hisoblanadimi yoki yo‘qligi.
Bundan oldin Pavel Durov ushbu yangilikni o‘z kanalida e’lon qilgan edi. Durovning so‘zlariga ko‘ra, bunday yangilik odamlarga firibgarlardan himoyalanishga yordam berishi kerak.
Yangiliklar hozircha sinov bosqichida, biroq tez orada “Telegram"ning yangi versiyasida mavjud bo‘ladi.
Avvalroq “Telegram"da pulli izohlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Hozirda messenjer kanallarga bog‘langan ommaviy guruhlarda pulli xabarlar funksiyasini sinovdan o‘tkazmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, shu tariqa kanal ma’murlari o‘z postlari ostidagi izohlarni pullik qilishlari mumkin bo‘ladi.
Funksiya ishlashi tafsilotlari mavjud emas. Foydalanuvchi har bir izoh uchun pul to‘laydimi yoki obuna uchun pul to‘laydimi — noma’lum. Joriy etish muddatlariga ham aniqlik kiritilmagan.
Avvalroq “Telegram” shaxsiy chatlarda guruhli qo‘ng‘iroqlarni sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Bu funksiya joriy suhbatga, hatto u ikki foydalanuvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlangan bo‘lsa ham, boshqa ishtirokchilarni qo‘shish imkonini beradi.
“Spot” O‘zbekistonda “Telegram"dagi reklama narxlari: kanallar reytingi va mutaxassislar fikri haqida yozgandi.
“Tanish Bilish”, “Eight Media Maker” va “We Digital” “Spot"ga trendlar, yangi formatlar va integratsiyalar narxlaridagi o‘zgarishlar to‘g‘risida ma’lumot berib, o‘zbek va rus tili segmentlaridagi eng qimmat “Telegram"-kanallarining reytinglarini ham taqdim etdi.
Avvalroq “Spot” “Telegram"da navbatdagi yangilanishlar taqdim etilgani haqida yozgandi.
Xususan, videolar uchun muqovalar va ularning joriy vaqtidagi havolasini nusxalash, sun’iy intellekt asosida stiker qidirish hamda boshqa imkoniyatlar paydo bo‘ldi.