27-fevral kuni qabul qilingan hukumat qarori bilan transport vositasini ishlab chiqaruvchi yuridik shaxslarga transport vositasining identifikatsiya raqamini shakllantirish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.

Reglament Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Muomalaga chiqarilayotgan g‘ildirakli transport vositalarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament bilan tartibga solinadigan g‘ildirakli transport vositalariga nisbatan tatbiq etiladi.

Ishlab chiqaruvchilar VIN (Vehicle Identification Number) raqamini qo‘yish bo‘yicha xizmatdan Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona portal orqali foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Bunda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligining O‘zbekiston standartlar instituti transport vositalarining identifikatsiya raqamini shakllantirishni ta’minlaydi.

VIN kodi 17 ta belgi hamda 3 ta bo‘lim — ishlab chiqaruvchining xalqaro identifikatsiya kodi (WMI kodi), tavsiflovchi qismi (VDS) hamda ko‘rsatuvchi qismi (VIS) dan iborat bo‘ladi.

VIN kodi transport vositalarini identifikatsiya maqsadida beriladigan belgilarning tarkibiy kombinatsiyasi hisoblanadi. Har bir avtomobilga ishlab chiqaruvchi ushbu identifikatsiya raqamini qo‘ygan bo‘lishi kerak, u 30 yil davomida unikal hisoblanadi.

Avvalroq taksichilik o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanadigan faoliyat ro‘yxatiga kiritilgani haqida xabar berilgandi. Buning uchun tashuvchilar har yili litsenziya rasmiylashtirishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazishi kerak.