Tabiiy gaz uchun isitish mavsumida belgilangan bazaviy me’yor 1-aprelgacha uzaytirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Gaz uchun bir oylik ijtimoiy norma isitish mavsumida 500 kub metrni, boshqa mavsumda esa 100 kub metrni tashkil etadi. Shundan kelib chiqib, 1-martdan mamlakatda ijtimoiy norma 100 kubometrga tushirilishi kerak edi.

Biroq mart oyida havo haroratining past bo‘lishi, ayrim kunlari kechasi va kunduzi harorat 0 °C darajadan tushib, odatdagidan ko‘ra sovuqroq kelishi kutilayotgani hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida ushbu muddat 1-aprelgacha uzaytirildi.

Vazirlikning qayd etishicha, bu bo‘yicha davlat rahbari tegishli topshiriq bergan.

Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida oktabr-fevral oylarini, boshqa hududlarda esa noyabr-fevral oylarini qamrab oladi. Isitishdan tashqari mavsumga esa Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida mart-sentabr oylari, qolgan hududlarda mart-oktabr oylari kiradi.

O‘tgan yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshlashdi. 2025-yilning 1-aprelidan fuqarolar uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgan.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov tariflarni belgilashda xarajatlarning bir qismini qoplash, jumladan, tabiiy gazni import qilish xarajatlari ham inobatga olinganini ta’kidladi. Bundan tashqari, vazir tariflar oshirilishi fonida elektr va gaz iste’moli kamayganini ma’lum qildi.