2024-yilda O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida qimmatbaho metallar savdosi 60% dan ko‘proqqa oshdi. Bu haqda savdo maydonchasi matbuot xizmati xabar berdi.

Birja savdolari orqali 2 912,1 kg qimmatbaho metallar sotildi, bu 2023-yilga nisbatan 61,78% ga ko‘pdir. Shundan 2 535,1 kg oltinga to‘g‘ri kelib, uning birja kotirovkasi 1 grammi uchun 977,5 ming so‘mni tashkil etdi. Kumushning sotilish hajmi 377 kg.ga, o‘rtacha narxi esa 1 gramm uchun 11 325,2 so‘mga yetdi.

O‘zRTXB qimmatbaho metallarni sotish qiymatini ochiqlamadi. Hajmlar va o‘rtacha narxlardan kelib chiqib, oltin 2,47 trln so‘mga (o‘sish 2,18 barobar), kumush esa 4,26 mlrd so‘mga (+64,2%) sotilgan.

Joriy yilning yanvar oyida tadbirkorlar tomonidan birja orqali 195,7 kg oltin sotib olingan. O‘tgan oyda 1 gramm oltinning o‘rtacha narxi 1,12 mln so‘mni tashkil etdi, sotuvlar esa 219 mlrd so‘mdan oshgan bo‘lishi mumkin.

Qimmatbaho metallarning birjadagi boshlang‘ich narxi Markaziy bankning birja bitimi tuzilgan sanadagi kursi bo‘yicha milliy valyutada London qimmatbaho metallar bozori uyushmasining (LBMA) so‘nggi tonggi fiksingi asosida belgilanadi.

Hozirda oltinning 1 unsiyasi uchun LBMAning fiksing narxi $2 931,9 ni belgilagan. Birja bozorida OKMK va NKMK qimmatbaho metallar sotuvchilari, sanoatda ishlatiladigan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilar va zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilari esa xaridorlari hisoblanadi.

Avvalroq oltin quymalari narxi yana rekordlarni yangilagani — 5 gramm uchun 6,3 mln so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.