Avvalroq prezident xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan joriy yilning 1-iyulidan boshlab bir qator davlat xizmatlari va funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish nazarda tutilmoqda. Mart oyi oxiriga qadar xizmatlarning biznes tomonidan ko‘rsatish reglamentini ishlab chiqish topshirildi.

Ro‘yxatda quyidagilar bor:

  • riyeltorlarning malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini berish;
  • baholovchilarning malaka imtihonini o‘tkazish va malaka sertifikatini berish;
  • sud boshqaruvchisi malaka attestatini berish;
  • baholovchilarga toifalar berish;
  • hisoblagichlarni qiyoslashdan o‘tkazish;
  • karantin ostidagi mahsulotlarni zararsizlantirish (fumigatsiya) bo‘yicha faoliyat;
  • gid (gid-tarjimon), ekskursiya yetakchisi va yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilarga malaka sertifikatini berish;
  • tibbiyot tashkilotlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish;
  • yakka tartibdagi uy-joylarning qurilishi hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan nazorat yuritish;
  • kichik hajmdagi noturar bino va inshootlarning qurilishi hamda rekonstruksiya qilish ishlari yuzasidan nazorat yuritish;
  • O‘zbekistonga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g‘ildirakli yangi avtomobillarning ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash.

Ikki oy muddatda barcha vazirlik va davlat organlarining funksiyalarini xatlovdan o‘tkazish topshirildi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi va Adliya vazirligi Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda Raqobat qo‘mitasi bilan birgalikda funksiyalarning bir qismini xususiy biznesga o‘tkazish yoki ularni raqamlashtirish bo‘yicha takliflar kiritishi kerak bo‘ladi.

Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev raisligida xizmatlar sohasini rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida vazirlik va idoralarda tadbirkorlar bemalol qila oladigan xizmatlar ko‘pligi aytilgandi. Mutasaddilarga 1-oktabrgacha yana 18 ta davlat xizmatini xususiy sektorga berish choralarini ko‘rish topshirildi.

Har bir vazirlik o‘z tizimidagi qaysi xizmatni xususiy sektorga, jumladan autsorsingga berish va yangi xizmatlarni joriy qilish mumkinligi bo‘yicha taklif tayyorlashi kerak. Bunga Raqobat qo‘mitasi mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq shifoxonalardagi notibbiy xizmatlar xususiy sektorga o‘tkazilishi ma’lum qilingandi. Sog‘lomlashtirish xizmatlarini kengaytirish uchun madaniyat va sport inshootlarini sodda tartibda xususiy sheriklikka berish taklif etilmoqda.