Hukumat qarori bilan pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish, kasbiy sertifikatlash va rag‘batlantirish tizimiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish belgilandi. Bu haqda Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova ma’lum qildi.

Xususan, vazir jamg‘armasidan har oylik ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxatini hududiy kengashlar tavsiyasi asosida shakllantirish tartibi bekor qilindi. Sinovlarda barcha fan o‘qituvchilari ishtirok etishi mumkin.

Shu bilan birga, maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarbiyachilari ustama olish uchun sinovlarda ishtirok etishlari mumkin. Amaldagi tartib bilan ular ustamaga da’vogarlik qila olmasdi.

Bundan tashqari, pedagog kadrlarga tarif stavkalarining amaldagi miqdorlariga nisbatan 70% miqdorida qo‘shimcha haq to‘lash tartibi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, bu malaka toifa test sinovlarida ishtirok etib, oliy va birinchi malaka toifasini olgan hamda 86 va undan yuqori ball to‘plagan pedagoglarga ajratiladi.

Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan beriladigan umumta’lim fanini bilish darajasi to‘g‘risidagi sertifikatga ega pedagoglar majburiy attestatsiyaning birinchi bosqichi — mutaxassislik fani va kasb standarti bo‘yicha malaka sinovidan ozod qilinadi.

2023-yilning iyulida pedagoglarga ustama to‘lab beriladigan sertifikatlar ro‘yxati tasdiqlangan.

O‘tgan yilning sentabrida bog‘cha mudiralarini menejerlikka o‘qitish tizimi joriy etilishi ma’lum qilingandi. Malaka oshirishda vazirlik, malaka oshirish markazi, maktab va bog‘chani bog‘laydigan vertikal tizim yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblarga uy berilishi ma’lum qilingandi.