“Mozilla Firefox” foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini sotishni boshlashi mumkin. Bu haqda “Unian” nashri xabar berdi.
Yaqingacha “Firefox” saytidagi “FAQ” bo‘limida “Firefox shaxsiy ma’lumotlaringizni sotadimi?” degan savolga quyidagicha javob yozilgan edi:
“Yo‘q. Hech qachon bunday qilmaganmiz va qilmaymiz ham. Shuningdek, sizni bunday qilishi mumkin bo‘lgan aksariyat reklama beruvchilardan himoya qilamiz. „Firefox“ maxfiyligingizni saqlash uchun yaratilgan. Bu va’da”.
Biroq saytning joriy versiyasida bunday bayonot yo‘q. Buning o‘rniga yangilangan “maxfiylik siyosati” blokida ba’zi huquqiy yurisdiksiyalarda “sotish” tushunchasi juda keng talqin qilingani sababli “Mozilla” ma’lumotlarni “sotmaslik” bo‘yicha aniq kafolat berishni to‘xtatgani ko‘rsatilgan.
Kompaniya o‘z veb-saytidan “Firefox ishlab chiquvchilari foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlarini hech qachon sotmagan va sotmaydi” degan bandni olib tashladi.
Unga ko‘ra, har qanday kiritilgan yoki yuklangan ma’lumot endi avtomatik tarzda kompaniya mulkiga aylanadi. Bunda “Mozilla” foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlaridan o‘z ixtiyoriga ko‘ra foydalanish huquqini o‘zida saqlab qolmoqda.
Maxfiylikdan keskin voz kechish tasodifiy emas edi: uzoq yillar davomida “Mozilla” daromadining asosiy manbai “Google"dan standart qidiruv uchun to‘lovlar bo‘lib kelgan — bu yillik daromadning 80%idan ortig‘ini tashkil etardi.
Endilikda, AQSh sudi “Google"ni monopolist deb topib, kompaniyaga standart qidiruv tizimi o‘rnini sotib olishni taqiqlamoqchi bo‘lgani sababli, “Firefox” ishlab chiquvchilari boshqa daromad manbalarini izlay boshladilar.
Avvalroq “Spot” “Microsoft” “Edge” brauzeriga “YouTube"dan videolarni tarjima qilish funksiyasini qo‘shishi haqida yozgandi.
Hozirda funksiya ispan tilidan ingliz tiliga, shuningdek, ingliz tilidan nemis, hind, italyan, rus va ispan tillariga tarjimani qo‘llab-quvvatlaydi.