AQSh prezidenti Donald Tramp kriptovalyutani rivojlantirish bo‘yicha davlat strategiyasining asosiy elementi bo‘ladigan milliy kriptovalyuta zaxirasini yaratish bo‘yicha yangi tashabbusni ilgari surdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qadam avvalgi ma’muriyat tomonidan kiritilgan cheklovlardan so‘ng AQShning kripto sanoatidagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan.
“Men AQShning dunyo kriptopoytaxtiga aylanishiga g‘amxo‘rlik qilaman”. deb qo‘shimcha qilgan Tramp.
Zaxira aktivlari tarkibiga nafaqat bitkoin (BTC), balki boshqa mashhur kriptovalyutalar, jumladan XRP, Solana (SOL) va Cardano (ADA) kiradi.
Tahlilchilarning fikricha, bunday tanlov AQShning allaqachon o‘rnatilgan raqamli aktivlarni ham, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan innovatsion blokcheyn loyihalarini ham qo‘llab-quvvatlashga bo‘lgan intilishini ta’kidlaydi.
7-mart kuni Oq uyda AQS prezidenti Donald Tramp raisligida birinchi kriptovalyuta sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu haqda “Bloomberg” nashri Oq uy bayonotiga tayanib xabar bermoqda.
Tadbirda sanoat yetakchilari, investorlar va raqamli aktivlar bo‘yicha prezident ishchi guruhi a’zolari ishtirok etadi. Sammitning asosiy mavzusi kriptovalyuta investorlari uchun aniq me’yoriy bazani ishlab chiqish bo‘ladi.
Tramp lavozimga kirishganidan so‘ng darhol raqamli aktivlar bo‘yicha ishchi guruh tuzish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi, uning tarkibiga asosiy idoralar: Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Qimmatli qog‘ozlar va birjalar bo‘yicha komissiya, shuningdek, Tovar fyucherslari savdosi bo‘yicha komissiya vakillari kiradi.
Ularning asosiy vazifasi Oq uyga kriptovalyuta siyosati bo‘yicha maslahat berish va davlat kripto fondini yaratish istiqbollarini baholashdan iborat.
2024-yilgi saylovoldi kampaniyasi paytida ilgari kriptovalyutalarni tanqid qilgan Tramp o‘z pozitsiyasini o‘zgartirdi va tartibga solishni soddalashtirishga va sanoatni nazorat qilishni kamaytirishga va’da berdi.
Yanvar oyida Donald Tramp o‘z kriptovalyutasini taqdim qilgan edi.
Tramp taqdim qilgan memkoin narxi sotuvga chiqarilgandan keyin bir sutka ichida $70dan oshib ketdi.
Trampning $Trump memkoiniga sarmoya kiritgan yuz minglab investorlar qariyb $2 mlrdr yo‘qotgani haqida xabar berildi.
Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, memkoin ishga tushirilgandan keyingi dastlabki 19 kun ichida jami 813 294 nafar kripto-hamyon egasi zarar ko‘rgan.
“NYT"ning yozishicha, hozirgi narxidan yuqoriroq to‘lov qilganlar zarar ko‘rgan. Shunday bo‘lsa-da, bu treyderlarning aksariyati zarardagi tokenlarini saqlab turibdi, ehtimol ularning narxi yana ko‘tarilishiga umid qilmoqda.
“Chainalysis” ma’lumotlariga ko‘ra, asosan memkoinning dastlabki xaridorlari foyda ko‘rgan bo‘lib, naqd pulga aylantirilgan foydaning umumiy miqdori $6,6 mlrdni tashkil etgan.
Avvalroq “Spot” Trampning yuzi tasvirlangan $250lik yangi banknotani muomalaga kiritish taklif qilingani haqida yozgandi.
AQShning Janubiy Karolina shtatidan kongressmen Jo Uilson tegishli qonun loyihasi ishlab chiqilganini ma’lum qildi.