Amerikaning 25%lik bojlari Yevropaga yalpi ichki mahsulotning 1,5%iga tushishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” nashri xabar berdi.
Agentlik ta’kidlashicha, Yevropa iqtisodiyoti AQSH prezidenti Donald Trampning birinchi muddati davridagidan zaifroq, ayniqsa uning “yadro"sida, Fransiya va Germaniya o‘sish sur’atlari bo‘yicha ortda qolmoqda.
“Muzokaralar taktikasi bo‘ladimi yoki haqiqiy bitim bo‘ladimi, 25%lik keng qamrovli tarif hazil emas. “Bloomberg Economics"ning baholashicha, bu Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining 1,5%ini xavf ostiga qo‘yishi mumkin”, — deyiladi xabarda.
Tramp lavozimiga kirishgach, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tovarlariga import bojlarini joriy etmoqchiligini aytgan edi. 26-fevralda Tramp ma’muriyati yaqin orada Yevropa Ittifoqidan import, jumladan avtomobillar uchun yangi 25%lik bojlar joriy etilishini e’lon qilishini bildirdi.
Shuningdek, Yevropani AQShga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lishda aybladi. 27-fevral kuni Yevropa Komissiyasi Yevropa Ittifoqi AQSh prezidenti va’da qilgan 25%lik bojxona to‘lovlariga “darhol va qat’iy” javob berish niyatida ekanligini ma’lum qildi.
28-fevral kuni iqtisodiyot bo‘yicha yevrokomissar Valdis Dombrovskis “El Mundo” nashriga bergan intervyusida AQShning Yevropa Ittifoqi tovarlariga nisbatan bojlari global iqtisodiy parchalanishga va jahon yalpi ichki mahsulotining 7%ga qisqarishiga olib kelishi mumkinligini taxmin qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Komissiyasi AQSH prezidenti Donald Trampning barcha sharhlari va tahdidlariga javob bermaslik pozitsiyasini egallagan va “qat'iy va mutanosib qarshi choralar” ko‘rishdan oldin ularning amalga oshishini kutmoqda.
Avvalroq e’lon qilingan barcha po‘lat va alyuminiy importiga AQSh bojlari joriy etilishi ham Yevropa quyuv sanoati uchun katta muammolarni keltirib chiqarmoqda.
“Bloomberg” tahlilchilarining ta’kidlashicha, tariflar Yevropa ishlab chiqaruvchilarini 12 ming ish o‘rnini qisqartirishga majbur qilishi mumkin.
Germaniyaning “Thyssenkrupp AG” va Lyuksemburgning “ArcelorMittal SA” kabi bir qator sanoat gigantlari Yevropa Ittifoqidagi umumiy inqiroz fonida xodimlarini ishdan bo‘shatmoqda va AQSh import bojlari ularning ahvolini yanada og‘irlashtiradi.
Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalariga yangi sanksiyalar joriy qilgani haqida yozgandi.
Ittifoq mazkur kompaniyalarni savdo sanksiyalarini chetlab o‘tishga ko‘maklashish va dronlar hamda raketalar uchun ehtiyot qismlarni xarid qilishda ayblamoqda.