Prezident tomonidan 3-mart kuni imzolangan qonun bilan qurilish maydonlarida atmosfera havosini muhofaza qilish talablariga rioya etmagan quruvchilarga javobgarlik belgilandi.
Hujjat bilan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritildi. Jarimalar o‘lchami 500 kv.metr va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonida aniqlangan holatlarda qo‘llaniladi.
Bu ushbu maydonlarga tutash hudud va undan chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish talablarini buzgan hamda ifloslantiruvchi moddalarni belgilangan me’yoridan ortiq darajada havoga chiqishiga yo‘l qo‘yganlarga nisbatan belgilanadi.
Aniqlangan huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslarga BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m) miqdorida jarima solinadi. Agar ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yilda takror sodir etilsa, jarima miqdori BHMning 50 baravari (18,75 mln so‘m) ni tashkil etadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach — 4-iyundan kuchga kiradi.
2024-yilning sentabrida qabul qilingan prezident qarori bilan 2025-yilning aprelidan qurilishga ruxsat beruvchi ruxsatnomalarni berishda havoni ifloslantirishga qarshi qat’iy talablar kiritilishi belgilangandi.
Avvalroq ishonchli uy-joy quruvchilarning onlayn reytingi yuritilishi haqida xabar berilgandi. 1-maydan qurilishni boshlashdan foydalanishga ruxsatnoma berishgacha bo‘lgan jarayonlar onlayn amalga oshiriladi.