Prezidentning tegishli farmoni bilan adliya katta maslahatchisi Dilmurod Sultanmuratovich Kasimov Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Tayinlovga qadar Kasimov prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes ombudsman) lavozimida ishlagan.

Dilmurod Kasimov 1975-yilning 28-iyulida Toshkent shahrida tug‘ilgan. Ma’lumoti — oliy, sharqshunos-iqtisodchi, huquqshunos. 1997-yil Toshkent davlat sharqshunoslik institutini, 2004-yil O‘zbekiston Milliy unversitetining huquqshunoslik yo‘nalishini tamomlagan.

U mehnat faoliyatini 1997-yil Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi “Innovatsiya” davlat aksiyadorlik tashqi savdo kompaniyasida mutaxassis lavozimidan boshlagan.

2003−2017 yillar davomida prokuratura organlarida turli xil lavozimlarda faoliyat olib borgan. Prezidentning 2017-yil iyuldagi farmoni bilan Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil lavozimiga tayinlangan.

Shunigdek, Dilmurod Kasimov O‘zbekiston Mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan.