Rossiyada “Flashes” nomli yangi ijtimoiy tarmoq ishga tushirildi. Bu haqda “hi-tech.mail” nashri xabar berdi.
Bu yangi platforma “Instagram"ga nisbatan xavfsizroq va soddaroq muqobil sifatida taqdim etilmoqda. Ushbu ijtimoiy tarmoq boshqa mashhur ijtimoiy tarmoq — “X"ning analogi bo‘lgan “Bluesky” bilan bir xil dasturiy kod asosida yaratilgan.
Hozircha “Flashes"ni faqat iPhone foydalanuvchilari “App Store” ilovalar do‘konidan o‘rnatishlari mumkin. Birinchi kuni ichidayoq bu ijtimoiy tarmoq yuklab olinishlar bo‘yicha eng yaxshi 100 talik ro‘yxatiga kirib ulgurdi.
“Flashes"ning asosiy xususiyati shundaki, u Authenticated Transfer Protocol deb ataladigan ochiq kodli protokol asosida qurilgan. Bu “federativ ijtimoiy tarmoq” bo‘lib, unda alohida tarmoqlar yagona markazda birlashgan.
2023-yilda ishga tushirilgan “Bluesky” ham aynan shu tamoyilga asoslangan. Ikkala ijtimoiy tarmoq ham o‘zaro moslikka ega. Ya’ni, “Bluesky” foydalanuvchilari yangi hisob ochmasdan Flashes’ga kirishlari mumkin va aksincha.
“Flashes” ijtimoiy tarmoq funksiyalari:
- fotosuratlar va fotosuratlar guruhlarini nashr etish (4 tagacha);
- 1 daqiqagacha bo‘lgan videoni joylashtirish;
- tasmani moslashuvchan sozlash: “Obunalar,” “Global,” “Trendlar,” “Yangi” va boshqa filtrlar;
- filtrli o‘rnatilgan foto-video muharriri.
Foydalanuvchilar alohida profillarga ham, “Mushukchalar bilan surat”, “O‘yinlar”, “Muxlislar” va hokazo kabi filtrlarga ham obuna bo‘lishlari mumkin. Bluesky’dan olingan 50 000 dan ortiq moslashtirilgan lentalar mavjud.
Flashes ishlab chiqaruvchilarining ta’kidlashicha, ijtimoiy tarmoqda kontentni algoritmlar emas, balki faqat foydalanuvchilarning o‘zlari sozlaydi.
Shuningdek, Flashesda “Portfolio rejimi” mavjud. U foydalanuvchilarga mehmonlar uchun qaysi media fayllar ko‘rsatilishini tanlash kabi profillarini nazorat qilish imkonini beradi. Shunday qilib, tashrif buyuruvchilar birinchi navbatda eng yaxshi fotosuratlarni ko‘rishadi.
Avvalroq “Spot” “Instagram” va “Facebook” sanksiyalar bekor qilinganidan keyin ham Rossiyaga qaytmasligi haqida yozgandi.
Bunga “Meta” kompaniyasining Rossiya qonunlariga rioya qilishdan bosh tortayotgani va senzura bilan bog‘liq hal etilmagan masalalar mavjudligi sabab qilib ko‘rsatilmoqda.