Namanganda Turkiya ishtirokida zargarlik yo‘nalishida xorijiy kompaniya tashkil etiladi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyat hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Turkiyaning “Lucca Gold Factory” kompaniyasi direktori Yalchin Akin boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashdi.
Tomonlar tilla mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. Namanganda zargarlik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish uchun salohiyat katta ekanligi ta’kidlandi.
Buning uchun “Namangan Gold Factory” korxonasi tashkil etilib, unga $5 mln miqdorida investitsiyasi kiritish rejalashtirilgan.
Loyiha doirasida yirik markazda Turkiya tajribasi asosida oltinni qayta ishlash va sotish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, “Lucca Gold Factory” kompaniyasi vakillari viloyat markazidan yangi korxona uchun ma’qul joylar bilan tanishayotgani qayd etilgan.
Avvalroq 2024-yilda birjada 3 tonnaga yaqin qimmatbaho metallar sotilgani haqida xabar berilgandi. Sotilgan oltin qiymati ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2,5 trln so‘mga yaqinlashdi. Kumush esa 4,2 mlrd so‘mdan ortiqqa sotilgan.