Moskva metropolitenda yo‘l haqi to‘lovini raqamli rubl yordamida sinovdan o‘tkazishni boshladi. Bu haqda Moskva merining transport va sanoat masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Maksim Liksutov ma’lum qildi.

Liksutovning so‘zlariga ko‘ra, sinov Rossiya Markaziy banki va “VTB Bank” bilan birgalikda yopiq rejimda o‘tkazilmoqda.

Fokus-guruh ishtirokchilari bir nechta “Troyka” kartalarini muvaffaqiyatli sotib oldilar va universal QR-kod yordamida kassada raqamli rubl orqali transport kartasi balansini to‘ldirdilar.

Qayd etilishicha, yangi to‘lov usuli transport kartasini sotib olish va uni to‘ldirishni osonlashtiradi. Xaridor bank ilovasiga kirib, QR-kodni skanerlashi va to‘lov usulini — raqamli rubl yoki tezkor to‘lov tizimini tanlashi kerak.

Rossiya Markaziy banki raqamli rublni ommaviy joriy etish sanasini kechiktirishi haqida xabar berilgandi.

Regulyator raisining qayd etishicha, kechikish barcha tafsilotlarni qayta ko‘rib chiqish va banklar bilan maslahatlashish zarurati bilan bog‘liq hisoblanadi.

2023-yil 1-apreldan Rossiyada raqamli rubl sinovdan o‘tkazilishi haqida xabar berilgandi. Rossiya Davlat dumasi raqamli rublni muomalaga kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qullagandi.

Avvalroq Rossiya Markaziy banki 2025-yil 1-iyuldan boshlab raqamli rubl barcha xohlovchilar uchun foydalanishga ochiq bo‘lishini ma’lum qilgan edi. Yangi ommaviy muomalaga chiqarish sanasi keyinroq e’lon qilinadi.


Avvalroq “Spot” Toshkent metrosining 12ta bekatida yo‘l haqini kaft orqali to‘lash imkoniyati yaratilgani haqida yozgandi.

Yaqin vaqt ichida barcha metroning stansiyalarida “Uzinfocom"ning “MyID Palm” tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan.