Avvalroq O‘zbekistondagi va xorijdagi fuqarolar Yangi Toshkent qurilishidagi ishlarga taklif etilayotgani haqida xabar berilgandi.
Biroq, fuqarolar bo‘sh ish o‘rinlari xususida ma’lumot olish uchun call-markazga qo‘ng‘iroq qilib, bog‘lana olishmayotganlarini bildirishdi. Xususan, “Spot"ga ham shu mazmundagi xabar kelib tushgan.
Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi matbuot xizmati holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirib, e’lon ishlash istagida bo‘lgan fuqarolar qiziqishiga sabab bo‘lganini qayd etdi.
Kun davomida 1 mingga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lib, ularning soni ko‘payganligi uchun belgilangan limit — bir vaqtning o‘zida 50 tagacha qo‘ng‘iroqdan oshganda uzilish ro‘y bergan.
“Ushbu holat 4-mart soat 12:00 gacha bartaraf etiladi. Qolaversa, qo‘ng‘iroq qilib, navbat kutishni istamagan va bog‘lana olmagan hamyurtlarimiz uchun alternativ taklif sifatida “Telegram"-bot ishga tushirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Unga ko‘ra, Yangi Toshkent shahri qurilishida ishlashni istagan fuqarolar @yangi_toshkent_qurilishi_bot orqali o‘zlari haqida ma’lumotlarni yozib qoldirishlari mumkin. Call-markaz operatorlari ma’lumotda ko‘rsatilgan raqamga kun davomida o‘zlari qayta aloqaga chiqib, bog‘lanishadi.
Fuqarolar 20 ming gektar maydonda amalga oshirilayotgan qurilishda ishtirok etishlari mumkin. Loyiha doirasida xorijda vaqtincha ishlayotganlar uchun 10 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari yaratilmoqda.
Qurilish sohasida ish tajribasiga ega bo‘lgan fuqarolar 38 ta yo‘nalish bo‘yicha ishga qabul qilinadi. Bular qatorida quyidagi yo‘nalishlar bor:
- betonchi;
- payvandchi;
- santexnik;
- elektrik;
- g‘isht teruvchi;
- suvoqchi va boshqalar.
Oylik maosh ish turi va soatidan kelib chiqib, o‘rtacha 8 mln so‘mdan 15 mln so‘mgachani tashkil etadi.
Qabul qilingan ishchilar yotoqxona, kiyim-kechak, transport xizmati va 3 mahal ovqat bilan ta’minlanadi. Ish vaqti kuniga 8 soat bo‘lib, qo‘shimcha dam olish kunlari beriladi.
Shu bilan birga, qurilish brigadalari ham ish hajmidan kelib chiqqan holda buyurtma olib, kelishuv asosida faoliyat yuritishi mumkin.
Nomzodlar Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tashkil etilgan quyidagi call-markaz raqamlariga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkin:
- xorijdagilar uchun — 0 800 000 11 76;
- O‘zbekistondagilar uchun — 1176.