Adliya vazirligi tomonidan “Telegram"ga integratsiya qilingan “Odil” chat-boti yaratildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Sun’iy intellektga asoslangan chat-bot orqali davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi, talablari va jarayonlar haqida real vaqt rejimida ma’lumot olish mumkin.
Shu bilan birga, chat-bot kerakli hujjatlar va arizalarni topishga yordamlashadi, qaysi masala bo‘yicha qayerga murojaat qilish kerakligini tushuntiradi.
“Odil” chat-botidan havola orqali foydalanish mumkin.
Vazirlik chat-bot samarali ishlashi uchun fuqarolardan fikr va takliflar qabul qilmoqda. Shuningdek, aniqlangan xato va kamchiliklarni bartaraf etishda yordam so‘ralgan.
Kelajakda chat-botning funksional imkoniyatlari va faoliyat doirasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, uning ishga tushirilishi “1148” ishonch telefoni operatorlari yukini sezilarli darajada kamaytirishi kutilmoqda. 2024-yilda fuqarolardan 135 mingga yaqin qo‘ng‘iroq qabul qilingan bo‘lib, shundan 95%iga mutaxassislar huquqiy tushuntirish bergan.
2024-yilning dekabrida Adliya vazirligi sun’iy intellektga asoslangan “LexAI” — huquqiy savollarga javob beruvchi chat-bot platformasini ishga tushirgandi. U amaldagi 34 mingdan ortiq normativ hujjatlar hamda 604 mlndan ortiq belgilardan iborat bilimlar bazasiga o‘qitilgan.
LexAI qonunchilik moddalariga havolalar taqdim etish, masalalarni tahlil qilish va aniqlashtirishni taklif qilish imkoniyatiga ega.
Avvalroq “Coursera” platformasidagi 3 mingdan ortiq kurslarda sun’iy intellekt yordamida o‘zbek tilida ta’lim olish imkoniyati yaratilishi haqida xabar berilgandi.