Bolalikdan multfilm yaratishni orzu qilgan Pavel Kim 3D animatsiyani mustaqil o‘rganishni boshlab, o‘zining “DIP Animation” studiyasini ochishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tgan. Uning dastlabki yirik ishi “Doppi pomidor” multseriali bo‘lib, Pavel bu ishni shunchaki tajriba sifatida boshlangan. Hozirda u “Kinopoisk”, “IVI” va “KION” kabi o‘nlab platformalarda namoyish etilib, Ispaniya va Xitoy bozorlari uchun ham moslashtirilgan.
“Doppi pomidor” serialining barcha qismlari yuklangan “YouTube” kanali qariyb yarim mln obunachini o‘zida jamlagan. Biroq, mamlakatimizda ushbu platformaga monetizatsiya yoqish imkoniyati yo‘qligi sabab studiya taxminan $80 ming miqdoridagi potensial daromadni boy bergan.
Serial kinoteatrlarda, “O‘zbekiston havo yo‘llari” aviakompaniyasi samolyotlarida va milliy televideniyeda ham namoyish etilgan.
Pavel “Spot"ga bergan intervyusida bir seriyani yaratishning o‘rtacha narxi, multfilmlardan qanday, qancha daromad olish mumkinligi, O‘zbekiston animatsiya bozoridagi qiyinchiliklar hamda imkoniyatlari haqida so‘zlab berdi.
Bolalikdagi sevimli mashg‘ulotining ishga aylanishi
Bolaligimdan rasm chizishni yaxshi ko‘rar, multfilmlar yaratishni orzu qilardim. 3D-animatsiya bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni Koreya ta’lim markazida oldim. U yerda olgan bilimim menga mustahkam poydevor bo‘ldi. Shundan so‘ng bir yil davomida 3D-animatsiyani mustaqil ravishda o‘rgandim, har kuni o‘quv materiallarini ko‘rib chiqib, mahoratimni oshirib bordim.
O‘z studiyamni ochishimdan oldingi barcha faoliyatim animatsiya bilan bog‘liq bo‘lgan. Reklama agentligida ishni boshlab, reklama roliklari uchun animatsiyalar yaratganman. Undan so‘ng, ikki yil davomida Moskvada ishladim. U yerda “Gazprom” va “RJD” singari yirik kompaniyalar uchun videoroliklar tayyorladik. Shu bilan bir vaqtda, “Disney"da o‘n yil davomida “Qirol sher” va “Lilo va Stitch” kabi loyihalar ustida ishlagan animator Aleksandr Dorogovdan an’anaviy animatsiya sirlarini o‘rgandim.
2014-yilda O‘zbekistonga qaytib kelib, Milliy telekanalida kompyuter grafikasi bo‘limi supervayzeri sifatida ishlay boshladim. Kanal efirga chiqishidan oldin turli loyihalar ustida ishladik: multfilmlar yaratdik, reklama roliklarini tayyorladik, musiqa kliplarini suratga oldik. Masalan, Kamillaning “Illyuziya” qo‘shig‘iga ishlangan klip bizning ishimiz. Parallel ravishda Zulfiqor Musoqovning maktabida ssenariynavislik va rejissyorlik bo‘yicha ta’lim olardim.
2017-yilda nihoyat o‘z orzuimni ro‘yobga chiqarishga shaxsiy multfilmlar yaratishga tayyor ekanligimni tushunib yetdim. Shu bois, studiya ochish va o‘zimni to‘liq multiplikatsiya 3D-animatsiyaga bag‘ishlashga qaror qildim.
Foto: Iskandar Mirzahmedov / Spot
Ishga tushirish jarayoni menga garajda boshlangan startapni eslatadi. Kichik xona topib, uni ozgina ta’mirlab ikkita kompyuter sotib oldik. Boshlang‘ich kapital oz bo‘lgani sababli biznesni rivojlantirib borganimiz sayin unga investitsiya kiritib bordik.
Nomga kelsak, DIP “Dream It’s Possible” (Orzu qilish mumkin) iborasining qisqartmasidir. Kompaniya dastlab biror biznes g‘oya asosida emas, balki multfilmlar yaratish orzusi tufayli vujudga kelgan.
Studiya ko‘plab animatsion seriallar va reklama roliklarini yaratib, tez muvaffaqiyatga erishishini kutgandim. Biroq voqelik boshqacha bo‘lib chiqdi — yarim yil ichida faqat bitta reklama roligiga buyurtma bajardik. “Pomidor do‘ppi” multserialini esa o‘z tashabbusimiz bilan ishlab chiqishga qaror qilgandik, uni keyinchalik telekanallar yoki striming xizmatlariga sota olamizmi-yo‘qmi bilmasdik.
Do‘ppi kiygan pomidor qanday paydo bo‘lgan?
“Pomidor do‘ppi” 2015-yilda, Milliy telekanalida ishlab yurgan paytimda paydo bo‘lgan. O‘shanda animatsion seriallar va to‘liq metrajli filmlar yaratish g‘oyasi tug‘ilgan. Dastlab tajriba sifatida “Yig‘loqi pomidor” haqida qisqa videorolik yaratdik va u tez ommalashdi. Bu o‘ziga xos sinov bo‘lib, bolalarga mahsulotimiz yoqish-yoqmasligini hamda uning g‘oyasi qanchalik samarali ekanligini tushunishimizga yordam bergan.
Qahramonni kanal prodyuseri o‘ylab topdi, u o‘zining sevimli sabzavoti pomidor asosida personaj yaratishni taklif qildi. Shundan so‘ng biz uning tashqi ko‘rinishi hamda xarakteri ustida ishlashga kirishdik.
Rolik virusga aylangandan so‘ng, ssenariy ishlab chiqib, to‘laqonli animatsion loyihani shakllantirishni boshladik. O‘sha vaqtda men yollanma ishdan ketgan edim. Shuning uchun g‘oyalarni o‘z studiyamda amalga oshirishni davom ettirdim.
Dastlab ko‘plab vazifalarni bir o‘zim bajarishimga to‘g‘ri keldi. Masalan, “Pomidor do‘ppi” multfilmining birinchi qismida ishning kamida yarmini o‘zim qilganman. Animatsiyada har bir bosqich uchun alohida mutaxassis kerak bo‘lsa-da, o‘shanda barcha ish menga yuklangan. Ikkinchi qismdan boshlab vazifalarni taqsimlay boshladik. Hozirda bir qism ustida 10−12 kishi ishlaydi. Bular 3D-generalistlar, modelchilar, riggerlar, animatorlar, kompozerlar, maxsus effektlar bo‘yicha mutaxassislardir. Ba’zi xodimlar bir nechta kasbiy vazifalarni birgalikda bajaradi. Jamoa tarkibiga ssenariychilar, rassomlar, konsept-rassomlar, ovoz rejissyori, bastakor ham kiradi, ularning ayrimlari masofadan turib ishlaydi.
Ko‘pincha ssenariylar hayotiy voqealar asosida yaratiladi. Misol uchun, Pomidor asalarilar bilan to‘qnashgan seriyalardan birida ishdagi muammo tasvirlangan: boshliq natija talab qiladi, ammo xodimlar dangasalik qilib, planshetlarga chalg‘ib, asal yig‘ish bo‘yicha rejani bajarmaydilar.
Ssenariy yozish seriyaning qisqa tavsifi bilan boshlanadi. G‘oya ma’qul topilsa, ssenariy muallifi uni batafsil ishlab chiqib, bir necha bor tuzatib chiqadi. Ortiqcha qismlarni olib tashlab, marketing talablarini hisobga olgan holda mazmunni turli bozorlarga moslaymiz. Misol uchun, Yevropa va Rossiya uchun xavfsizlikka e’tibor qaratish muhim: bola takrorlashga urinishi mumkin bo‘lgan sahnalarning salbiy oqibatlaridan qochish maqsadida bunday kadrlar olib tashlanadi, yoki moslashtiriladi. Bu muvozanat doimo ijodkorlik va tomoshabinlar o‘rtasidagi mas’uliyat hisoblandi.
Qariyb sakkiz yil mobaynida har biri 3,5 daqiqa davom etadigan 42 ta seriyani ishlab chiqdik. Yangi qismlar har oyda efirga uzatiladi. Serialni striming xizmatlariga sotishni boshlashimizdan avval, “YouTube"da kanal ochib, yangi qismlarni joylab borgandik. Bu kanal 500 mingga yaqin obunachini to‘plab, jami 270 mln marta ko‘rildi.
Pomidorning dunyo bo‘ylab sayohatlari
Multserial 22 ta seriya bo‘lganida uni striming xizmatlari va telekanallarga taklif etishni boshladik. Hozirgi kunda u MDH hududidagi 50 dan ortiq onlayn-platformalarda, jumladan, “Kinopoisk”, “IVI”, “START”, “KION”, “Megogo” va “iTV” kabi yirik xizmatlarda namoyish etilmoqda. Ko‘p hollarda biz xizmatlar bilan aloqaga chiqardik, ammo ba’zida ularning o‘zlari bizga murojaat qilishardi.
Hamkorlikning moliyaviy shartlari turlicha bo‘lib, bu ma’lum platformaga bog‘liq. Ko‘pincha bu har bir qism uchun belgilangan to‘lov yoki ko‘rishlar soni, yangi obunachi jalb qilish foizi asosida hisob-kitob qilinadi.
Serialning MDH davlatlaridagi muvaffaqiyatlariga asoslanib, uni Xitoy va Ispaniyada kontent tarqatuvchilarga ham taqdim etdik. 2023-yilda serial Ispaniyada efirga uzatildi. Unda biz kirish qo‘shig‘ini moslashtirib, sarlavhalar va subtitrlarni mahalliylashtirdik. Butun jarayon yangi ovoz yo‘llari hamda matnni hisobga olgan holda qayta tuzishdan iborat bo‘lardi.
Moslashtirishni o‘z mablag‘imiz hisobiga amalga oshirdik. Ovoz yozish studiyalari bilan hamkorlik qildik, u yerda o‘zga til da so‘zlashuvchilar ovozni yozib olishdi. Texnik qismi (montaj), ovozni sinxronlashtirish va subtitrlarni tahrirlashni studiyamiz mutaxassislari bajarishdi.
Foto: Iskandar Mirzahmedov / Spot
Birinchi chorakda daromadimiz atigi $20−30ni tashkil etardi. Foyda faqat 2024-yilning oxiriga kelib sezilarli darajada o‘sa boshladi — chorak davomida taxminan $2 ming ola boshladik.
Ispaniyadan so‘ng murakkab hisoblanadigan Xitoy bozoriga kirishga qaror qildik. Kelajakda bu mintaqaga yangi loyihalar bilan chiqish uchun “Pomidor do‘ppi” loyihasining barcha jarayonlarini puxta ishlab chiqmoqchi edik.
Qiyinchiliklar shundan iborat ediki, Xitoyda chet el kontenti uchun kvota mavjud bo‘lib, litsenziya olish zarur, hujjatlarni rasmiylashtirish esa ancha vaqt talab etadi. Puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga qaramay, jarayon davomida qonunchilikdagi o‘zgarishlar, kvotalarning ochilishi va yopilishi kabi kutilmagan muammolar yuzaga keldi.
Multserial mazmunini Xitoy bozoriga moslashtirishga to‘g‘ri keldi. Masalan, Xitoyda globusni tasvirlash taqiqlangani sababli, Pomidorning tokchasidagi globus elementi turgan sahnalarda uni yashirishga majbur bo‘ldik. Shunday o‘zgartirishlar kiritilgan seriyalar soni 15 taga yetdi.
Xitoydagi distribyuterlar guruhi barcha materiallarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqib, o‘z mulohazalarini berdi. Ushbu fikrlarni inobatga olgan holda yakuniy variantni tayyorladik. Seriyalar qo‘shiq bilan boshlanishiga qaramay, qolgan qismi dialogsiz bo‘lgani uchun qo‘shimcha ovoz berish talab etilmadi. Xitoy tomoni kirish qo‘shig‘ini o‘z tilida yozib, logotipni moslashtirdi hamda seriya nomlari va titrlarning tarjimasini taqdim etdi. Bizga faqat studiyada barchasini bir joyga jamlash qolgandi. Distribyuterlar bilan shartnoma imzolashdan to multserial Xitoy efirida namoyish etilishigacha taxminan bir yarim yil vaqt ketdi.
2024-yil sentyabr oyida serial premyerasi Xitoyda bo‘lib o‘tdi. Do‘ppili pomidor haqidagi hikoyalar bir vaqtning o‘zida Xitoyning 45 ta onlayn platformasida namoyish etildi. Moslashtiruv, litsenziya olish uchun sarflangan mablag‘larni tezda qoplab oldik.
Foto: Afisha.uz
Bundan tashqari, “Pomidor do‘ppi” multfilmini O‘zbekiston havo yo‘llari milliy aviakompaniyasi reyslarida ham tomosha qilish mumkin. Ularga o‘zimiz hamkorlikni taklif etdik, aviakompaniya tashabbusimizni qo‘llab-quvvatladi. Shuningdek, bort jurnalini chop etishda ham ishtirok etyapmiz. Unda multfilm qahramonidan bolalarga mo‘ljallangan topshiriqlar, boshqotirmalar bilan maxsus sahifa tayyorlayapmiz.
Pomidor kino ekranlariga ham kirib bordi. Eng yaxshi epizodlarni “Kinodagi eng sara turkumlar” nomli maxsus to‘plamga jamladik. To‘plam hozirda “Compass” kinoteatrida namoyish etilmoqda. Namoyish vaqti taxminan 30 daqiqa davom etadi. Bu bolalar bilan birinchi marta kinoga borish uchun juda qulay: katta ekranda, baland va tiniq ovoz bilan tanish qahramonlar ularni kutmoqda.
Serial muntazam ravishda Milliy telekanalida efirga uzatiladi. U ma’lum muddat Rossiyaning “Karuseli” kanalida ham namoyish etilgan. Hozirda Bolajon milliy bolalar telekanali bilan hamkorlik o‘rnatishni rejalashtiryamiz.
Animatsiyaning tijoriy tomoni
Studiya asosiy daromadini reklama roliklarini tayyorlashdan oladi. Bir rolikning narxi $1−10 ming oralig‘ida bo‘lishi mumkin, bu loyihaning murakkabligi, ish hajmi va unda ishtirok etayotgan xodimlar soniga bog‘liq. “KFC”, “Yandex”, “Osstem”, “Adrenaline Rush”, “Rolton” va “Gazprom” singari yirik xalqaro brendlar, shuningdek, “Evos” va “Bliss” kabi O‘zbekistonning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yganmiz.
Shunday bo‘lsa-da bizda savdo bo‘limi yo‘q. Barcha buyurtmalarni “sarafan radiosi” sababli olamiz. Sifatli animatsiya yaratganimiz uchun bizni tavsiya qilishadi. Doimiy jamoamiz bor, shuningdek, zarur hollarda jalb qiladigan ishonchli frilanserlarimiz ham mavjud. Shuning uchun bizga yirik loyihalarni ishonib topshirishadi.
Animatsion multfilmlar yoki roliklarning tannarxi ancha yuqori — bir soniyasi o‘rtacha $50 dan $200 gacha tushadi. Rossiya bilan solishtirganda, bizda animatsiya garchi bir xil uskunalardan foydalansakda 2−3 baravar arzonroq. Narxlardagi farq ko‘p jihatdan ish haqiga bog‘liq, chunki bizda maoshlar 30−50%ga pastroq.
Qism narxi, shuningdek, bir mutaxassis bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani bajargani uchun ham arzonroq chiqad. Masalan, Rossiyada to‘liq metrajli filmning o‘rtacha byudjeti taxminan $4 mlnni tashkil etadi. Bundan arzonroq narxda faqat sifatni pasaytirish orqali suratga olish mumkin. O‘zbekistonda animatsiya uchun bunday mablag‘lar hozircha mavjud emas. Shunga qaramay, sarmoyalar ko‘pincha o‘zini oqlaydi. Misol uchun, “Soyuzmultfilm"ning jonli tasvirga olish va kompyuter grafikasidan foydalangan holda ishlangan “Cheburashka” filmi taxminan $7 mlnga tushgan, ammo kinoprokatda $70 mln ishlab, bir necha barobar foyda keltirgan.
Bir jihatdan animatsiyani startaplarga qiyoslash mumkin — u ham uzoq muddatli sarmoyalarni talab qiladi. Bu venchur investitsiyalariga o‘xshaydi, bunda daromadni oldindan aytish qiyin. Multfilm ishlab chiqish uzoq vaqt davomida katta xarajatlarni talab qilib, unda faqat ayrim loyihalar sezilarli foyda keltiradi. Bu sohada portfel yondashuvi tamoyili amal qiladi: agar 5−10 ta loyiha ishga tushirilsa, ulardan bittasi “portlab ketib”, qolganlarining barchasini o‘nlab, hatto yuzlab barobar qoplab berishi mumkin.
Animatsiya hali katta daromad keltirmayotgani sababli, xarajatlarni boshqa manbalardan qoplayapmiz, chunki bu yo‘nalishning istiqboliga ishonamiz. Asta-sekin reklamadan voz kechib, ko‘proq o‘zimizning ijodiy loyihalarimiz ustida ishlashni maqsad qilganmiz. Masalan, yaqinda “Yer va oy” nomli qisqa metrajli multfilmni yaratdik. Uni to‘liq o‘z mablag‘larimiz hisobidan yaratdik.
Shuningdek, xorijiy studiyalar bilan hamkorlikda “Elementarno” nomli multserial ham ishlab chiqilmoqda. Bu xalqaro bozorga mo‘ljallangan bolalar ta’lim loyihasi hisoblanadi. Ssenariy ilgari “Cartoon Network” va “Nickelodeon Junior” bilan ishlagan mutaxassislar tomonidan tahrirdan o‘tkazilmoqda. Ko‘ngilochar qismdan tashqari, unga bolalarda hissiy intellektni rivojlantirishga yordam beradigan unsurlarni qo‘shyapmiz. Multfilmlarimiz bolalarga o‘z his-tuyg‘ularini tushunish va boshqarishda, do‘stlik o‘rnatishda, g‘azab, quvonch, qo‘rquv kabi tuyg‘ularni anglashda yordam berishini istaymiz.
Shuningdek, sun’iy intellektdan foydalangan holda loyiha yaratishni rejalashtirganmiz. Sun’iy intellektning istiqboli porloq ekanligiga ishonamiz, lekin uning xatolarini tuzatishda yetarli nazoratga ega emasmiz. Biz uchun animatsiyani puxta ishlash hamda personajlarning o‘xshashligini ta’minlash muhim, sun’iy intellekt esa doim ham kerakli aniqlikni bera olmaydi. U ko‘proq variantlarni taklif etadi, bizga esa aniq natija zarur.
Men uchun muhim notijorat loyihalardan biri “DJ Avicii” klipini yaratishda ishtirok etishim bo‘lgan. 2013-yilda, hali studiyani ochmasimdan oldin “Lotus F1” jamoasi uchun ichimliklar brendi bilan hamkorlikda “Talent House” tanlovida qatnashganman. Vazifamiz “Speed” qo‘shig‘iga klip kontsepsiyasini ishlab chiqish bo‘lgan.
Sinab ko‘rib, bundan qanday natija chiqishini bilishga qaror qildim. Bir oy mobaynida har kuni ishdan so‘ng tungi soat uchgacha klip ustida ishladim. Tugatgach, ishni yubordim va yodimdan chiqardim, chunki boshqa loyihalar ko‘proq “like” yig‘ayotgan, mening roligim esa pastga tushib ketgandi. Kunlarning birida qo‘ng‘iroq qilib, ishim g‘olib bo‘lganini aytishdi. Bundan hayratga tushdim. Natijada $4 minglik mukofot jamg‘armasini qo‘lga kiritdim.
Ular video klipni takomillashtirish — logotiplarni qo‘shish, avtomobillar va poygachilar kiyimiga emblemani joylashtirishimni so‘rashdi. Buning uchun menga “Lotus F1” jamoasining barcha firma elementlari saqlanadigan dizayn bazasiga kirish huquqi berildi.
Foto: Iskandar Mirzahmedov / Spot
O‘zbekiston multfilmlar bozori
O‘zbekistonda animatsiya bozorini to‘laqonli rivojlantirish uchun kompleks yondashuv zarur. Asosiy muammolardan biri rivojlangan infratuzilmaning yo‘qligi bo‘lib qolmoqda. Mamlakatda tarqatish, litsenziyalash deyarli mavjud emas, bu esa mahalliy animatsion loyihalarni ilgari surishni qiyinlashtiradi. Xalqaro miqyosga chiqish uchun o‘zbek studiyalari “International Animation Film Festival” kabi yirik tadbirlarda qatnashishlari muhim. Bu festivalda tanlov dasturi bilan bir vaqtda Xalqaro multiplikatsion filmlar bozori ham faoliyat yuritadi, u yerda filmlarni prokat uchun namoyish etish imkoniyati mavjud.
Yana bir jiddiy muammo professional kadrlarning yetishmasligi hisoblanadi. Mamlakatda animatorlar, ssenariy mualliflari, prodyuserlar va post-prodakshn bo‘yicha mutaxassislar yetarli emas. Xalqaro kompaniyalar loyihalarni O‘zbekistonga autsorsing qilishni xohlagan taqdirda ham, buyurtmalarni zarur hajmda hamda talab darajasida bajarish uchun mavjud resurslar yetishmaydi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonda “YouTube"da monetizatsiya hali mavjud emasligi sababli, raqamli platformalarda daromad topish imkoniyatlari cheklangan. Shu tufayli biz taxminan $80 ming miqdoridagi potensial foydani boy berdik.
Umid qilamizki, kelajakda vaziyat o‘zgarib, bu mahalliy kontent yaratuvchilar uchun kuchli rag‘batga aylanadi. Biz O‘zbekiston animatsiyasi eksport mahsulotiga aylanib, jahon miqyosida talabgir bo‘lishiga ishonamiz. Raqobatda afzalligimiz shundaki, biz xalqaro darajadagi kontentni ancha arzon narxda yarata olamiz.
Hozir mamlakatda bolalar animatsiyasi juda kam. Misol uchun, “Pomidor do‘ppi” serialining barcha namoyishlari televideniyeda ko‘rsatilsa, ular bir kunlik efirda tugaydi. Taqqoslash uchun, Rossiyaning “Karusel” kanali 24 soat davomida faqat mahalliy multfilmlarni namoyish etadi.
O‘zbekistonda animatsiya sanoati shakllanish bosqichida. Hozircha jarayon sinov va xatolar usulida rivojlanmoqda, ammo vaqt o‘tib bozor barqarorlashganda, xalqaro hamkorlar bilan sheriklik, litsenziyalash va distribyutsiyaning aniq mexanizmlari paydo bo‘ladi. Bu butun sanoat uchun yangi imkoniyatlarni ochadi.
Mamlakat ulkan salohiyatga ega bo‘lib, O‘zbekiston aholisi 38 mln kishiga yaqinlashmoqda, uning katta qismini yoshlar tashkil etadi. Kelgusi 5−10 yil ichida bolalar animatsiyasiga bo‘lgan talab faqat o‘sib boradi, bu esa bozorni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Material IT Park bilan hamkorlikda startaplar, venchur investitsiyalari va O‘zbekiston IT-sohasini rivojlantirishga bag‘ishlangan yangi rukn doirasida tayyorlandi.