“Commonwealth Partnership Uzbekistan” (CMWP) konsalting kompaniyasi 2024-yil uchun Toshkentdagi savdo (riteyl) ko‘chmas mulk obzorini taqdim etdi. “Spot” tadqiqot bilan tanishib chiqdi (nusxasi tahririyatda mavjud).

O‘tgan yili poytaxtda savdo ko‘chmas mulk bozori sezilarli darajada kengaydi. Formatli savdo markazlarining umumiy maydoni 478,5 ming kv.metrga yetdi, bu 2023-yilga (276,5 ming kv.metr) nisbatan 73% ga ko‘pdir.

“Tashkent City Mall"ning ochilishi 2024-yilning eng yirik voqealaridan biri bo‘lib, u 100 ming kv.metr ijara maydonlarini qo‘shdi.

Yirik savdo markazlarida o‘rtacha ijara stavkasi 2024-yilda deyarli o‘zgarmadi. 1-qavatda o‘rtacha 100 kv.metr maydon oyiga har kvadrat metri uchun $40 dan ijaraga beriladi, ammo narxlar joylashuviga qarab kv.metr uchun $15−70 oralig‘ida o‘zgaradi.

Hisobotda ijara birinchi qavatdagi 100 kv.metr maydon uchun hisob-kitob qilingan, chunki bunday do‘konlar eng ko‘p talabga ega va savdo maydonlarining asosini tashkil etadi.

Qiymatdagi farq savdo markazining sifati, uning shaharda joylashganligi hamda do‘konning bino ichida joylashuvi bilan izohlanadi — o‘tish qobiliyati yuqori bo‘lgan maydonlar qimmatroq baholanadi.

Bo‘sh maydonlar ulushi yuqoriligicha qolmoqda, lekin yangi savdo markazlari to‘ldirilishi bilan bu asta-sekin pasayib bormoqda. Shu bilan birga, CMWP ekspertlari taklifning oshishi tufayli yaqin yilda ijara stavkalarining o‘sishini kutmayapti.

Xalqaro brendlar O‘zbekiston bozoriga faol kirib kelishda davom etmoqda va savdo maydonlarining katta qismini egallamoqda. “Uzbekistan Franchising Association” ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatda 460 ta franshiza brendi va 13 400 ta franchayzing nuqtalari faoliyat yuritadi. 2024-yilda “Novikov Group”, “Sun Group”, “Papa John’s”, “Domino's Pizza”, “Costa Coffee”, “KFC” va boshqalar bozorga kirib keldi, bu esa ijarachilar o‘rtasida raqobatni kuchaytiradi va sifatli savdo maydonlariga talabni shakllantiradi.

CMWP ekspertlari Toshkentdagi chakana savdo bozori o‘zgarishda davom etayotganini alohida ta’kidladilar. Savdo markazlari egalari eski obyektlarni zamonaviyroq va qulayroq qilish uchun yangilashmoqda.

Hozirda shaharda 2010−2016-yillarda qurilgan savdo markazlari ijarachilar va tashrif buyuruvchilarning zamonaviy talablariga javob berishi uchun modernizatsiya qilinmoqda.

Shuningdek, xaridorlar yangi mahsulotlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri ishlab chiqaruvchilardan topishlari mumkin bo‘lgan ekomarketlar va freshmarketlar kabi tejamkor savdo formatlariga tobora ko‘proq e’tibor qaratilmoqda.

Nimalar kutilmoqda?

2025-yilda Toshkentda yangi savdo markazlari ochiladi, bu esa ijaraga olinadigan maydonlarni sezilarli darajada kengaytiradi. Ijaraga beriladigan 77 ming kv.metr maydonga ega “Alfraganus” savdo markazi eng yirik obyektlardan biri bo‘ladi.

Shuningdek, uchta yirik majmuada yana 89,2 ming kv.metr savdo maydonlari ishga tushirilishi kutilmoqda:

  • “Piramit” savdo markazi — 28,5 ming kv.m.;
  • “Park In Mall” savdo markazi — 24,7 ming kv.m.;
  • “High Town Mall” — 36 ming kv.m.

CMWP ekspertlari Toshkentdagi savdo markazlarining umumiy hajmi 567,7 ming kv.metrga yetishini kutmoqda, biroq bir qator obyektlarning 2026-yilga ko‘chirilish riski saqlanib qolmoqda.

Yaqin yillarda Toshkentda an’anaviy bozorlarni yangilash hisobiga savdo maydonlari hajmi oshishi mumkin. “Askiya” va “Yunusobod bozori"ni rekonstruksiya qilish, gastronomik va savdo klasterlarini rivojlantirish rejalashtirilgan.

Sifatli savdo maydonlariga talab saqlanib qoladi, ammo mulkdorlar o‘rtasidagi yuqori raqobat tufayli ijara stavkalari barqaror bo‘lib qoladi.

Umuman, Toshkentning savdo ko‘chmas mulk bozori faol o‘sishni ko‘rsatmoqda, biroq yangi taklifning yuqori hajmi va to‘lish sur’atlarining sekinlashishi 2025-yilda ijara stavkalarining o‘sishi bo‘yicha mo‘tadil kutilmalarni shakllantirmoqda.

Avvalroq “Spot” Toshkentdagi ofislar uchun ijara narxlari bozordagi yuqori raqobat tufayli pasayishi mumkinligi haqida xabar bergandi.