Shavkat Mirziyoyev 3-mart kuni qishloq xo‘jaligi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakat agrosanoati samaradorlik va bozor munosabatlari jihatidan isloh qilinayotgani, sohada yangi agrotexnologiyalar, ilm-fan yutuqlari joriy etilayotgani qayd etildi.
Bir guruh mutaxassislar yaqinda Xitoy, Italiya, Yaponiyaga borib, ilmiy institutlar, yirik kompaniya va xo‘jaliklar tajribasini o‘rgandi va uning asosida yangi hamkorlik rejalarini ishlab chiqdi.
Xususan, Xitoy qishloq xo‘jaligi akademiyasi ekinlar urug‘i va ko‘chatchiligida tajribaga ega. O‘zbekistonda esa qishloq xo‘jaligi bo‘yicha 14 ta ilmiy institut, 55 ta urug‘chilik xo‘jaligi bo‘lgani bilan, yangi nav va agrotexnologiya masalasida oqsoqlik bor. Dehqonlar mahalliy urug‘dan manfaat ko‘rmagani uchun chet elnikini ekayapti.
Yuqori Chirchiq tumanidagi Agroxizmatlar markazida Xitoy tajribasi asosida urug‘chilik va ko‘chatchilikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Buning uchun $200 mln sarmoya kiritilib, paxta, bug‘doy, sholi, makka, uzum va meva navlari ko‘paytiriladi.
Bunda urug‘ olishdan boshlab, uni texnika va dronlar yordamida ekish, dorilash, yig‘ish va qayta ishlash bo‘yicha namunaviy hudud tashkil qilinadi.
Malakali kadrlar masalasi ham dolzarb, Italiyada esa bu borada yaxshi ta’lim tizimi bor. Masalan, Bolonya universiteti Yevropani malakali mutaxassislar bilan ta’minlashda katta o‘rin tutadi. Ilmiy institutlar xususiy sektor bilan hamkorlik qilib, buyurtma asosida sifatli navlarni yaratib, tijoratlashtiryapti.
Ushbu tajribalarni o‘rganish uchun 2025-yilda Italiyadagi Bolonya, Tushia, Ferrara, Piza oliygohlariga 200 nafar yoshlarni yuborish ko‘zda tutilmoqda.
Tushia universitetida yiliga 30 nafar oziq-ovqat texnologini grant asosida o‘qitish, mamlakatda kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish taklifi bildirilgan.
Dunyo tajribasini o‘rganishda o‘qish va ishlash dasturlari orqali Samarqand agrar instituti, Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti 2024-yili bir guruh talabalarni Germaniya va Angliyaga yuborgan. Toshkent davlat agrar hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetlari, Farg‘ona oziq-ovqat institutida talabalarni Yaponiyaga yuborish uchun yapon tili markazlari tashkil etilmoqda.
Taqdimotda rejalar qo‘llab-quvvatlanib, bunday hamkorlikni Vengriya, Niderlandiya, Kanada, Avstraliya, Janubiy Koreya kabi agrosanoat rivojlangan davlatlar bilan ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga hududlarda innovatsion loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.
Avvalroq OTM bitiruvchilarining ishga joylashishiga ko‘maklashuvchi dastur ishga tushirilishi haqida xabar berilgandi. Buning uchun “O‘zmilliybank"ka $100 mln miqdorida moliyaviy resurs beriladi. Mablag‘lar bitiruvchilar tashabbus va g‘oyalarini loyihalashtirishga yo‘naltiriladi.