“Telegram” hikoyalarni e’lon qilish cheklovlarini yana kuchaytirmoqda. Bu haqda “Telegram Info” kanali xabar berdi.
Endi “Telegram” Premium obunasiga ega bo‘lmagan foydalanuvchilar kuniga ko‘pi bilan 1 ta, haftasiga 3 ta va oyiga 10 ta hikoya joylashlari mumkin.
Bundan tashqari, Rossiya, Ukraina, Eron, Hindiston va yaqindan beri indoneziyalik telefon raqamlariga ega foydalanuvchilar “Telegram Premium” obunasisiz hikoyalarni umuman joylashtira olmaydilar.
“Telegram"ning mazkur funksiyasi ishga tushirilganda kuniga uchtagacha hikoyani bepul joylashtirish mumkin edi, ammo fevral oyi boshida u cheklovni kuniga ikkita postga tushirdi.
Hikoyalarni joylashtirish nafaqat Indoneziyada, balki boshqa ayrim mamlakatlarda ham obunasiz imkonsiz bo‘lib qoldi. Xususan, bu Buyuk Britaniya va Germaniya raqamlariga ega hisoblarga ham taalluqli.
Qaysi mamlakatlarda hikoyalarni joylashtirish faqat “Telegram Premium” obunachilari uchun mavjudligi haqida aniq ro‘yxati ko‘rsatilmagan.
Avvalroq “Telegram” noma’lum kontaktlar haqida ma’lumotlarni ko‘rsatishni boshlashi haqida xabar berilgandi.
Bunda foydalanuvchining qaysi mamlakatdan ekanligi, messenjerda ro‘yxatdan o‘tgan sanasi, tasdiqlash belgisining mavjudligi va umumiy guruhlarga a’zo ekanligi haqida ma’lumot ko‘rsatiladi.
Shuningdek, “Telegram"da pulli izohlar paydo bo‘lishi mumkinligi haqida ma’lum qilindi.
Hozirda messenjer kanallarga bog‘langan ommaviy guruhlarda pulli xabarlar funksiyasini sinovdan o‘tkazmoqda.
Taxminlarga ko‘ra, shu tariqa kanal ma’murlari o‘z postlari ostidagi izohlarni pullik qilishlari mumkin bo‘ladi.
Funksiya ishlashi tafsilotlari mavjud emas. Foydalanuvchi har bir izoh uchun pul to‘laydimi yoki obuna uchun pul to‘laydimi — noma’lum. Joriy etish muddatlariga ham aniqlik kiritilmagan.
Avvalroq “Telegram” shaxsiy chatlarda guruhli qo‘ng‘iroqlarni sinovdan o‘tkazayotgani haqida xabar berilgandi.
Bu funksiya joriy suhbatga, hatto u ikki foydalanuvchi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshlangan bo‘lsa ham, boshqa ishtirokchilarni qo‘shish imkonini beradi.