20-martdan O‘zbekistonda Xitoyning “Temu” marketpleysi faoliyati cheklanadi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

2025-yilning 1-iyulidan mamlakatda elektron tijorat operatorlari, xususan elektron savdo platformalari operatorlari sifatida faqat yuridik shaxslar — O‘zbekiston rezidentlari faoliyat yuritishi mumkinligi belgilangan.

Mamlakat fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi xorijiy elektron savdo platformalari faoliyatini o‘rganish jarayonida ayrim elektron savdo platformalari tomonidan O‘zbekistonning elektron tijorat, chakana savdo, reklama, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, mualliflik va turdosh huquqlar sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmayotganligi aniqlandi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston qonunchiligi talablariga muvofiq, 2025-yilning 20-martidan xorijiy elektron savdo platformalaridan, xususan, “Temu” platformasidan foydalanish belgilangan tartibda cheklanadi.

ILMA tushunmovchiliklarni oldini olish maqsadida, fuqarolardan 4-mart kunidan boshlab “Temu” platformasida buyurtma bermasliklarini so‘ramoqda. Agar buyurtma bundan oldin buyurtma qilingan bo‘lsa, platformadan to‘lovni qaytarib olish tavsiya etiladi.

Agentlik va Soliq qo‘mitasi fuqarolarni O‘zbekiston hududida o‘z faoliyatini mahalliylashtirmagan yoki mamlakatda Soliq qo‘mitasining elektron xizmatlar ko‘rsatuvchi xorijiy kompaniyalar va marketpleyslar ro‘yxatiga kirmagan xorijiy elektron savdo platformalari xizmatlaridan foydalanmaslikka, ehtiyot choralarini ko‘rishga, shaxsiy va boshqa ma’lumotlarni bunday subyektlarga bermaslikka chaqiradi.

O‘zbekistonda “Temu” faoliyati

2025-yilning 1-iyulidan O‘zbekistonda xalqaro platformalar uchun yangi qoidalar, jumladan, xabardor qilish tartibi va elektron tijorat subyektlarining maxsus reyestri joriy etiladi. Ushbu norma 2024-yilning 28-dekabridan kuchga kirgan (VMQ-885).

“Temu” mobil ilovasi o‘tgan yil oxiridan beri O‘zbekistondagi eng ommabop ilovalar qatoriga kiradi. Masalan, hozirda Xitoy marketpleysi “App Store” do‘konida ikkinchi o‘rinni egallasa, “Google Play"da yetakchilik qiladi.

Joriy yilning yanvar oyida ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev “Temu” platformasidagi past narxlar soliq majburiyatlarini bajaradigan va qonun talablariga rioya qiladigan mahalliy tadbirkorlarga jiddiy raqobat yaratayotganini qayd etdi.

Bundan tashqari, u “Spot"ga bergan intervyusida taksi va marketpleyslar uchun yangi qoidalar nega kerakligi, ular bozorni qanday o‘zgartirishi va ularni bajarmaydigan kompaniyalarga nima bo‘lishi haqida so‘zlab berdi.

Fevral oyi oxiriga kelib, Muhammadiyev O‘zbekistonda “Temu” marketpleysi bloklanishi mumkinligini ma’lum qildi. ILMA amlakatdagi faoliyatini qonuniylashtirish bo‘yicha “Temu” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot olib bormayapti.