AQSh prezidenti Donald Tramp Meksika va Kanadadan keladigan tovarlarga 25%lik bojlar joriy qildi.
Bu Shimoliy Amerikadagi savdo urushi deb ataladigan vaziyat haqidagi xavotirlarni kuchaytirdi va moliya bozorlarining asosiy ko‘rsatkichlarining keskin pasayishiga sabab bo‘ldi.
Amerika fond indekslarining tushishidan tashqari, Meksika pesosi va Kanada dollari qiymati ham pasaydi.
“Ular boj to‘lashga majbur bo‘ladi. Shuning uchun ular o‘zlarining avtomobil zavodlarini, ochig‘ini aytganda, boshqa korxonalarni ham AQShda qurishlari kerak, shunda bojlar bo‘lmaydi,” dedi Tramp Oq uyda so‘zlagan nutqida.
U qo‘shimcha qilishicha, AQShga fentanil oqimini kamaytirish orqali bojlarni joriy etishdan qochishga yordam beradigan kelishuv uchun “imkoniyat qolmagan”.
Shuningdek, 2-apreldan Amerika tovarlariga boj joriy qilgan mamlakatlar uchun “o‘zaro” bojlar kuchga kiradi. Tramp Pekinning harakatlari AQShga fentanil yetkazib berishni to‘xtatishga olib kelmagani sababli, Xitoydan keladigan barcha importga bojlarni 10%dan 20%gacha oshirishini tasdiqladi.
Tramp buning sababini Xitoyning “noqonuniy giyohvand moddalar bilan bog‘liq inqirozni yumshatish uchun yetarli choralar ko‘rmagani” bilan izohladi.
AQSh prezidenti ma’muriyati bojlar seshanba kuni Shimoliy Amerika sharqiy vaqti bilan soat 12:01da kuchga kirishini tasdiqladi. Kanada va Meksikadan importga 25%lik, Kanada energetika sektori uchun esa 10%lik bojlar qo‘llaniladi.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo, agar Donald Tramp ma’muriyatining Kanada mahsulotlariga boj solish to‘g‘risidagi qarori seshanba kuni kuchga kirsa, Ottava darhol Amerika mahsulotlariga boj joriy etish bilan javob berishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda “Interfax” nashri.
“Kanada bu asossiz qarorga javoban choralar ko‘rmay qolmaydi. Agar Amerika tariflari bugun […] kuchga kirsa, Kanada […] $155 mlrd qiymatidagi Amerika mahsulotlariga 25%lik boj joriy etadi,” — dedi Tryudo.
Tryudoning tushuntirishicha, bojlarni joriy qilish dastlab umumiy qiymati $30 mlrd bo‘lgan tovarlarga nisbatan amalga oshiriladi, qolgan $125 mlrdlik tovarlarga esa 21 kun ichida tatbiq etiladi.
Shuningdek, Kanada tashqi ishlar vaziri Melani Joli ham jurnalistlarga Ottavaning javob berishga tayyor ekanligini aytdi. “Oval kabinetdan ma’lum darajada kutilmagan va tartibsiz qarorlar chiqmoqda, biz buni hal qilamiz,” dedi u.
Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum dushanba kuni, Trampning chiqishidan oldinroq, agar bojlar joriy etilsa, Meksika ham javob choralarini ko‘rishini aytgan edi.
1-fevral kuni Tramp Kanada va Meksikadan tovarlarga 25%li tariflar, shuningdek, Xitoy importiga 10%li boj joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Oq uy o‘z qarorining sabablari sifatida quyidagilarni ko‘rsatdi:
- meksikalik giyohvand moddalar kartellari Meksika hukumati bilan nomaqbul ittifoqqa ega;
- Xitoy giyohvand moddalar prekursorlari oqimini to‘xtatish uchun zarur choralarni ko‘rmadi;
- Kanadada sintetik giyohvand moddalar ishlab chiqarish ortmoqda va tadqiqotlar ko‘rsatishicha, Kanada fentanilning mamlakat ichidagi ishlab chiqarilishini kengaytirmoqda.
Avvalroq “Spot” AQSh bojlari Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotning 1,5%ini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligi haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, mazkur tariflar Yevropa ishlab chiqaruvchilarini 12 ming ish o‘rnini qisqartirishga majbur qilishi mumkin.