O‘zbekiston yanvar oyida dunyodagi eng yirik oltin xaridoriga aylandi, deyab xabar berdi Jahon oltin kengashi (WGC).
2025-yil boshida jahon markaziy banklari oltinga bo‘lgan “kuchli qiziqish"ni namoyon etishda davom etdi, ularning sof xaridlari 18 tonnani tashkil etdi.
“WGC"ning fikricha, qimmatbaho metallarga bo‘lgan hozirgi talab markaziy banklar zaxiralaridagi oltinning strategik ahamiyatini aks ettirmoqda — ayniqsa, geosiyosiy xavf-xatarlar kuchaygan sharoitda.
O‘zbekiston Markaziy banki 8 tonna oltinni sof sotib olishni amalga oshirdi. Natijada qimmatbaho metallning xalqaro zaxiralardagi ulushi 82%ga yoki 391 tonnaga ko‘tarildi.
Sof oltin sotib olish bo‘yicha ikkinchi o‘rinni 5 tonna bilan Xitoy banki egalladi. Yanvar oyi oxirida Xitoy zaxiralaridagi qimmatbaho metall hajmi 2285 tonnani (umumiy aktivlarning 6%i) tashkil etdi. Uchlikni 4 tonna oltin sotib olgan Qozog‘iston Markaziy banki yakunladi. Keyingi o‘rinlarni Polsha va Hindiston (3 tonnadan), Chexiya (2 tonna) va Qatar (1 tonna) egalladi.
Qimmatbaho metall asosiy sotuvchilari ro‘yxatiga Rossiya, Iordaniya (har biri 3 tonnadan) va Qirg‘iziston (2 tonna) tartibga soluvchi organlari kiritildi.
Yanvar oyida O‘zbekistonning xalqaro aktivlari $1,72 mlrdga ko‘payib, $43 mlrdlik eng yuqori ko‘rsatkichga yaqinlashdi. Oltin zaxirasining qiymati $35 mlrddan oshib, yangi rekordni qayd etdi. Shu bilan birga, valyuta zaxiralari sezilarli darajada kamaydi.
Shuningdek, yanvar oyida O‘zbekiston oltin sotmagan. 2024-yil davomida qimmatbaho metallar eksporti $7,48 mlrdni tashkil etib, yillik hisobda 8,3%ga kamaydi.
Avvalroq “Spot” 2024-yilda birjada 3 tonnaga yaqin qimmatbaho metallar sotilgani haqida yozgandi.
Sotilgan oltin qiymati ikki baravardan ko‘proqqa oshib, 2,5 trln so‘mga yaqinlashdi. Kumush esa 4,2 mlrd so‘mdan ortiqqa sotilgan.