Ikki oyda Toshkent shahrida reklama qonunchiligini buzgan 30 dan ortiq kompaniyaga tegishli ta’sir choralari qo‘llaniildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qo‘mitaning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yilning yanvar-fevral oylari davomida reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqligi yuzasidan o‘rganish va monitoring ishlari olib borildi.
Natijada hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan poytaxtda faoliyat yurituvchi xo‘jalik yurituvchilarga nisbatan tashqi reklama va axborotni joylashtirish tartibi buzilishi yuzasidan ishlar qo‘zg‘atildi.
Ular qatorida “Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan”, “International Beverages Tashkent” (“Pepsi”, “7UP” va “Mirinda” kabi brendlar), “Mak Food Servis” (“Evos”), “Lumieri”, “Turan Media”, “Oqtepa Food Service” hamda “Baratrum” (Safia) kabi kompaniyalar bor.
Qo‘mita tomonidan moliyaviy jarimalar qo‘llash haqida qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, ularga qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha bajarilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berildi.
2024-yilda Toshkent shahridagi jami 3 450 ta tashqi reklama va tashqi targ‘ibot vositalari o‘rganilib, 1 489 ta kamchiliklar aniqlangandi. Natijada 295 ta rasmiy ogohlantirish xatlari berildi, qolgan 520 ta holat profilaktik tushuntirish va tavsiyalar orqali bartaraf etilgan.
Avvalroq O‘zbekistondagi “Pepsi” ishlab chiqaruvchisi “Baraka Market” tarmog‘ining 100% ulushiga egalik qilishi haqida xabar berilgandi. Har ikkala kompaniya ham “Holten Group Corp"ga aloqador bir xil yudirik shaxsga tegishlidir.