Yagona integrator “Uzinfocom” markazlashtirilmagan tizimlar va blokcheyn texnologiyalariga bag‘ishlangan xakaton o‘tkazilishini e’lon qildi.
“Blockchain Hackathon 2025” .UZ milliy domenining 30 yilligiga bag‘ishlanadi. Ishtirok etish uchun blokcheyn dasturchilari va mutaxassislari, shuningdek, boshqa IT-entuziastlari taklif etiladi.
Xakaton ishtirokchilariga 10 soat ichida blokcheyndan foydalangan holda markazlashtirilmagan ilovaning prototipini yaratish bo‘yicha topshiriqlar beriladi. Eng yaxshi loyihalar ijodkorlari mukofotlar va mahsulotlarni rivojlantirish imkoniyatlariga ega bo‘ladi.
Tadbirning mukofot jamg‘armasi:
- 1-o‘rin uchun — 50 mln so‘m;
- 2-o‘rin uchun — 30 mln so‘m;
- 3-o‘rin uchun — 20 mln so‘m.
Xakaton 27−28-aprel kunlari Raqamli rivojlanish vazirligining Kongress-xollda bo‘lib o‘tadi. Yakka tartibdagi ishtirokchilarga ham, 5 kishilik jamoalarga ham ruxsat beriladi.
Unda ishtirok etish uchun Token.uz loyihasi saytida 10-aprelgacha ro‘yxatdan o‘tish mumkin.
Token.uz milliy blokcheyn tarmog‘i 2024-yilning yanvar oyida faoliyatini boshlagan. ILMA ma’lumotlariga ko‘ra, bir yilga yetmagan vaqt ichida ushbu tarmoq orqali umumiy hajmi 0,52 gigabaytni tashkil etgan 412,8 mingta tranzaksiya amalga oshirilgan. Loyihaning daromadi 428,5 mln so‘mga yetgan.
Avvalroq “Spot” “City Pay Gate"ga kriptosohadagi faoliyat uchun ikkita litsenziya berilgani haqida yozgandi.
Natijada kompaniya O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi to‘rtinchi kripto-depozitariy hamda o‘ninchi kripto-do‘konga aylandi.