5-mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olishdagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev buning uchun mamlakatda inson omili va qog‘ozbozlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga to‘xtaldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Masalan, aholiga yer berish jarayonida fuqarolar hokim va o‘nga yaqin idoralar o‘rtasida sarson bo‘lib yurardi, soha korrupsiya “o‘chog‘i"ga aylangandi. Yerni hokim qarori bilan ajratishdan to‘liq voz kechilib, auksion tizimiga o‘tilgani natijasida bu tizim xalqchil bo‘lgani ta’kidlandi.
Shu bilan birga, qurilish sohasi eng korrupsiyalashgan sohalardan biri edi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu yo‘nalishda ham ijobiy o‘zgarishlar sezilmoqda.
Ilgari investitsiya dasturiga kirgan obyektlarni quradigan pudratchilar 1 mingtaga ham yetmasdi. O‘tgan yili 13,5 mingta obyekt qurilishida 4 mingdan ziyod pudratchi ishtirok etdi. Soha raqamlashgani hisobiga o‘tgan 4 yilda 3,6 trln so‘m budjet mablag‘i tejaldi.
Lekin qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilish ko‘payib ketgani uchun o‘tgan hafta favqulodda vaziyatlar vaziri Abdulla Qo‘ldoshev va uning o‘rinbosarlari ishdan olindi.
Shuningdek, yig‘ilishda davlat xaridlari bo‘yicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sog‘lom raqobat bo‘lgani uchun o‘tgan yili 14 trln so‘m budjet mablag‘i tejalgani qayd etildi.
Hozirda banklar 100 mln so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn bermoqda. Natijada oldin bu ish bilan shug‘ullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini ko‘paytirish ustida ishlayapti.
O‘tgan davrda maktabgacha va maktab ta’limi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi. Sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.
Bundan tashqari, mamlakatda oliy ta’lim sohasi raqamlashtirildi, imtihonlar onlayn translyatsiya bo‘lyapti. Avval test topshirib, to‘plagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash tizimi joriy qilindi.
Oliy ta’limda 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga o‘tilgani orqali murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.
Avvalroq havoni ifloslantirgan quruvchilar 19 mln so‘mgacha jarimaga tortilishi haqida xabar berilgandi. Agar huquqbuzarlik birinchi marta sodir etilsa, 3,7 mln so‘m miqdorida jarima undiriladi.