Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengashning korrupsiyaning oldini olishdagi ishlar natijadorligi va kelgusidagi vazifalarga qaratilgan yig‘ilishi o‘tkazilgani haqida xabar berilgandi.
Unda manfaatlar to‘qnashuvi, qimmat narxda tovar sotib olish yoki xizmat ko‘rsatish asosan davlat xaridlarida kuzatilayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
To‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olsa bo‘ladigan 50 dan ortiq tovar va xizmat turlari mavjudligiga qaramay, birorta rahbar uni ro‘yxatdan chiqarish, hamma tanlov qilib olishi orqali narx arzon bo‘lishi bo‘yicha taklif bildirmagani qayd etildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Hisob palatasiga parlamentning budjetga mas’ul qo‘mitalari bilan birgalikda to‘g‘ridan to‘g‘ri xaridlarni 2 baravar qisqartirish topshirildi.
Yil yakunigacha sun’iy intellekt yordamida davlat xaridlarida qonunga zid holatlarni aniqlash va oldini olish bo‘yicha elektron tizimni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, bu borada Ekspert komissiyasi tuzilib, uning doirasida davlat xaridlarida tovarlarning o‘rtacha bozor narxlari ko‘rinib turadigan elektron platforma yaratiladi. Platformadagi ma’lumotlar tizim orqali yangilanib turadi.
Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi o‘rtacha bozor narxidan 20% dan oshmasligi shart. Bu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Shuningdek, budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga olinayotgan tovarlarni ham tartibga solish vaqti kelgani ta’kidlandi. Budjet va budjetdan tashqari mablag‘ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish bo‘yicha talablar kuchaytiriladi.
Bundan tashqari, xizmat transportida yurishni keskin qisqartirib, mamlakatda ishlab chiqarilgan avtomobil va mebelga o‘tish zarurligi qayd etildi.
Avvalroq subsidiya, pensiya va moddiy yordam bo‘yicha onlayn javob beruvchi platforma yaratilishi haqida xabar berilgandi. Yangi tizim sun’iy intellekt asosida ishlab chiqiladi va u fuqarolar savollariga telefoni orqali sodda tilda javob beradi.