Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatda korrupsiyaning oldini olishda amalga oshirilgan ishlar natijadorligi va kelgusidagi vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.
Kadrlarni o‘qitish, tarbiyalash va joy-joyiga qo‘yishda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi va Davlat boshqaruvi akademiyasining yetakchi sifatidagi roli sezilmayotgani qayd etildi.
“Korrupsiyani oldini olish — davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni „halollik vaksinasi“ bilan emlashdan boshlanadi”, — dedi prezident.
Kadrlarni baholashda eski namunadagi “obyektivka"dan voz kechib, ilg‘or IT-texnologiyalar asosida xodimning malakasi va salohiyati, erishgan natijalarini baholaydigan tizimga o‘tilishi belgilandi.
Lavozimga qo‘yishda xodimning qaysi oliygohni bitirgani yoki qayerda ishlagani emas, qanday bilim-tajribaga egaligi va ko‘rsatgan natijalari asosiy mezon bo‘ladi. “Bu borada nomzodning kamchiliklari bilan birga yaxshi taraflarini ham xolisona aytish kerak”, dedi prezident.
Bundan buyon mahallada odamlar bilan ishlagan, ularning muammosini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, hal qilgan yoshlar orasidan rahbar kadrlar tanlab olinishi kerakligi ta’kidlandi.
Ishga qabul qilishni ochiq va shaffof o‘tkazish, davlat xizmatchilari reyestrini belgilash, kadrlarni korrupsiyaga moyilligini o‘rganish bo‘yicha farmon loyihasini kiritish topshirildi.
Yig‘ilishda davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonunni qabul qilish vaqti-soati kelgani ta’kidlanib, bu borada jamoatchilik fikri juda muhimligi qayd etildi.
Mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1-aprelgacha kiritish topshirildi. Noqonuniy boylik orttirish uchun javobgarlik masalasini ham o‘ylab ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.
Qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish haqida modda kiritish taklif qilindi. Ya’ni, davlat xizmatchisi deklaratsiya qilgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkini qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi.
Prezident Milliy kengashni, parlamentning korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitalarini bu borada xalqaro andozalarga mos takliflarni ishlab chiqishga chaqirdi.
2021-yilning iyul oyidagi prezident farmoni bilan 2022-yildan davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiya qilish tizimi joriy etilishi belgilangandi. Unga davlat ulushi 50% dan yuqori tashkilotlar, korxona va muassasalar rahbarlari va o‘rinbosarlari, ularning turmush o‘rtog‘i va voyaga yetmagan farzandlarining daromadlari kiritilishi kerak edi.