Shavkat Mirziyoyev 4-mart kuni kredit berishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Hujjat matni “Xalq so‘zi” gazetasida e’lon qilindi.

“Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida"gi qonunga jismoniy shaxslarga kredit bitimlarini tuzishni taqiqlash va bu taqiqni bekor qilish imkoniyatini beruvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Ushbu o‘zgartishlar yanvar oyida Qonunchilik palatasida yakuniy o‘qishdan o‘tgan bo‘lib, fevral oyida Senat tomonidan ma’qullandi.

O‘zini-o‘zi taqiqlash fuqaroning ishtiroki yoki xabardorligisiz kreditlar rasmiylashtirilishining oldini olish maqsadida joriy etilishi mumkin. Uni joriy etish yoki bekor qilish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri kredit byurosiga, davlat xizmatlari markaziga yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga murojaat qilish mumkin bo‘ladi.

Kredit byurosi buyurtmanomani olgandan so‘ng darhol ariza beruvchini kredit bitimlarini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritishi kerak. Xizmat bepul ko‘rsatiladi, uni ko‘rsatishning aniq tartibini Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.

Banklar, mikromoliya va boshqa kredit tashkilotlari tomonidan kredit oluvchining o‘zini o‘zi taqiqlash reyestrida mavjudligi yoki mavjud emasligini tekshirmasdan fuqarolarga kreditlarni rasmiylashtirish taqiqlanadi. Ular jismoniy shaxsning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz qarz berishdan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uchun javobgar bo‘ladilar.

Shuningdek, qonunda kredit byurolari ustav kapitalining eng kam miqdori — 2 mlrd so‘m etib belgilanmoqda. Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan quyidagilar uchun ularga nisbatan qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan choralar va sanksiyalar belgilanmoqda:

  • kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etmaganlik;
  • kredit byurolari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzganlik;
  • litsenziya qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganligi.

Markaziy bank mazkur qoidabuzarliklarni bartaraf etish uchun majburiy ko‘rsatmalar yuborish hamda BHMning 5 ming baravarigacha miqdorda jarima qo‘llashga haqli.

Bundan tashqari, jismoniy shaxs o‘zining ishtirokisiz yoki xabarisiz kredit bitimi rasmiylashtirilishining oldini olish uchun o‘zi bilan kredit bitimini tuzishni kredit byurosiga ariza kiritish orqali taqiqlashi mumkin.

Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni olib tashlash ixtiyoriy amalga oshiriladi.

Qonun e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach — 6-iyundan kuchga kiradi. Kredit byurolari uchun jarimalar normasi 2026-yil 1-iyuldan boshlab amal qiladi.

Avvalroq Markaziy bank banklar uchun mikro va kichik biznesni kreditlashni soddalashtirishi haqida xabar berilgandi.

Ularning kreditlari bo‘yicha tavakkalchilik darajasi 75% gacha pasaytiriladi, bu esa qarz miqdorini 15 mlrd so‘mgacha oshiradi.