O‘zbekistonda ipoteka krediti bo‘yicha foiz stavkalari tushirildi. Bu haqda “Ipotekani qayta moliyalashtirish” kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentning 21-fevraldagi tegishli farmoni bilan kompaniyaning belgilangan talablari asosida hamkor banklar tomonidan ajratiladigan ipoteka kreditlarining yangilangan shartlari belgilandi.

Ipoteka kreditlari birlamchi bozordan uy-joy sotib olish uchun 20 yilga rasmiy daromadga ega bo‘lganlarga taqdim etiladi.

Kredit miqdori Toshkent shahri uchun 800 mln so‘m, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar uchun 500 mln so‘mgachani tashkil etadi.

Uning foiz stavkasi Markaziy Bank asosiy stavkasi (hozirda — 13,5%) hamda 6% miqdorida hisoblanadi. (2024-yilda bu +8% edi). Natijada stavka 21,5% dan 19,5% gacha pasaytirildi.

“Ipotekani qayta moliyalashtirish” kompaniyasining hamkor banklari qatorida “Hamkorbank”, “InFinBank”, “Orient Finans Bank”, “Agrobank”, “Asakabank”, “Ipoteka-bank”, “Xalq banki”, “Turon bank”, “O‘zmilliybank” hamda “Biznesni rivojlantirish banki” bor.

2024-yilda O‘zbekistonda ipoteka krediti oluvchilar soni 16% ga kamayib, 58,8 ming kishini tashkil etdi. Kreditning o‘rtacha miqdori 18% ga o‘sib, 290 mln so‘mdan oshdi. Birlamchi bozor ulushi ortdi, ipoteka oluvchilar orasida yoshlar ulushi kamaydi.

Joriy yilning 3-mart kuni ipoteka kreditlari uchun subsidiya olishga arizalar qabuli boshlandi. Arizalarni Davlat xizmatlari markazlari va Yagona portal orqali ariza topshirish mumkin.

Avvalroq rasmiy daromadi bo‘lmaganlarga ipoteka kreditlari ularning boshqa to‘lovlari asosida berilishi ma’lum qilingandi.