2025-yilda xizmatlar bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni tuman kesimida baholovchi tizim yaratiladi. Bu bo‘yicha davlat rahbari raisligida 5-mart kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda vazir va hokimlarga topshiriq berildi, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.

Yangi tizim doirasida ko‘rsatilgan servis sifatiga aholi baho beradi, eng yomon deb topilgan idora rahbarlari bo‘yicha xulosa qilinadi.

Fuqarolar suv, gaz, elektrga ulanish, subsidiya, pensiya va moddiy yordam olish kabi masalalarda onlayn javob oladigan tizim bo‘lishi kerakligi qayd etildi. Bu ularning idorama-idora yurishining oldini oladi.

Mutasaddilarga sun’iy intellekt asosida aholining savollariga qo‘l telefoni orqali sodda javob beradigan onlayn platformani ishga tushirish topshirildi.

Sohalarni nazorat qilib, tartibga solishga mas’ul 14 ta inspeksiya katta vakolat va kuchga ega ekanligi, bu idoralar xodimlari ham korrupsiyaga qo‘l urayotgani tashvishli ekani ta’kidlandi.

Vazirlar Mahkamasiga tizimidagi korrupsiyani bilib-bilmaslikka olib yurgan inspeksiya rahbarlari ishiga baho berib, ikki haftada korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish bo‘yicha har biriga aniq vazifa qo‘yish topshirildi. Har oyda bittadan inspeksiya faoliyati tanqidiy ko‘rib chiqiladi va ulardan qattiq so‘rov qilib boriladi.

Yangi ichki ishlar vaziriga har bir mahalladagi profilaktika maskanlarini kuzatuv kamerasi va har bir inspektorni “bodi-kamera” bilan ta’minlab, huquqbuzarliklarni ro‘yxatga olish bo‘yicha yangi platformani ishga tushirish topshirildi. Jinoyatlarni hisobga olish tizimi to‘liq raqamlashtiriladi.

Ayrim tuman va shahar ichki ishlar rahbarlari statistikani yaxshilash uchun jinoyatni yashirayotgani, ro‘yxatga olishni oylab cho‘zib yurgani qayd etildi.

Avvalroq Adliya vazirligi sun’iy intellekt asosidagi “Odil” chat-botini ishga tushirgani haqida xabar berilgandi. U orqali davlat xizmatlaridan foydalanish tartibi va talablari hamda kerakli hujjatlar haqida ma’lumot olish mumkin.