AQSh rasmiylari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish rejasini ishlab chiqmoqda, deb xabar berdi “Reuters” nashri.

Ta’kidlanishicha, AQSh Davlat departamenti va Moliya vazirligiga bekor qilinishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar ro‘yxatini tayyorlash topshirilgan.

Oq uy bu ro‘yxatni kelgusi muzokaralarda Rossiya vakillari bilan muhokama qila olishiga umid qilmoqda.

“Reuters"ga ko‘ra, Oq uy tomonidan tuzilgan ro‘yxatga ayrim yuridik va jismoniy shaxslar, jumladan, “ba'zi rus oligarxlari” ham kiritilishi mumkin.

Ehtimoliy sanksiyalarni yumshatish rejasi AQSh prezidenti Donald Trampning Rossiya bilan munosabatlarni tiklash va Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish istagi tufayli ishlab chiqilmoqda.

Agarda Rossiya energetika tizimiga nisbatan sanksiyalar bekor qilinsa, AQSh uchun ijobiy natija bo‘lishini taxmin qilinmoqda.

“Hozircha Vashington sanksiyalarni yumshatish evaziga aynan nimani talab qilishi mumkinligi aniq emas”, — deb yozadi “Reuters”.

Tramp ma’muriyatga Rossiyaga qarshi ba’zi sanksiyalarni yumshatish jarayonini boshlash imkonini beruvchi farmon chiqarishi mumkin, biroq u ba’zi tashkilotlarga nisbatan choralarni bekor qilish uchun Kongressning roziligini olishi kerak bo‘ladi, dedi Morrison Foerster yuridik firmasi hamkori va AQSh Moliya vazirligining xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi sobiq rahbari Jon Smit.


Avvalroq “Spot” Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy qilgani haqida yozgandi.

Sanksiyalarning 16-paketi Rossiyaning bank sohasi, yashirin flot, mudofaa sektori va energetikaga ta’sir ko‘rsatadi.