“Apple” Buyuk Britaniya hukumatini iCloud shifrlangan ma’lumotlari uchun backdoor yaratish talabi uchun sudga berdi. Bu haqda nashri “Financial Times” xabar berdi.
Ushbu da’vo tergov sohasidagi vakolatlar to‘g‘risidagi qonun qoidalarini sud tomonidan qayta ko‘rib chiqishning birinchi holati bo‘lishi mumkin.
Da’vo Buyuk Britaniya maxsus xizmatlari ustidan shikoyatlarni ko‘rib chiquvchi mustaqil organ — Vakolatlarni tekshirish bo‘yicha tribunalga yuborilgan.
Ushbu sud jarayoni, ehtimol, Britaniya hukumatiga shifrlashni chetlab o‘tishga imkon beradigan 2016-yilgi tergov vakolatlari to‘g‘risidagi qonun qoidalarini qayta ko‘rib chiqishning birinchi holati bo‘ladi. Agar tribunal talabni noqonuniy deb topsa, u bekor qilinishi mumkin.
Eshituvlar 2025-yil mart oyida boshlanishi mumkin, ammo ular ochiq bo‘ladimi yoki yo‘qmi noma’lum — hukumat milliy xavfsizlik manfaatlarini ko‘zlab, yopiq sud majlisini o‘tkazishni talab qilishi mumkin.
Britaniya rasmiylarining ta’kidlashicha, shifrlangan ma’lumotlarga kirish terrorizm va bolalarga qarshi jinoyatlarga qarshi kurashish uchun zarur.
“Biroq, kiberxavfsizlik bo‘yicha ekspertlar shifrlashning zaiflashishi firibgarlik, ma’lumotlarni o‘g‘irlash va kiberhujumlar xavfini oshirishi haqida ogohlantirmoqda”, deya ta’kidlaydi “Financial Times”.
Gap nima haqida?
Avvalroq Buyuk Britaniya hukumati “Apple"ni o‘z foydalanuvchilari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni oshkor etishga majbur qilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.
Qayd etilishicha, mamlakat maxsus xizmatlari “Apple"dan barcha iCloud foydalanuvchilarining ma’lumotlariga kirish imkonini beruvchi “back door” (ataylab yaratilgan zaiflik) ishlab chiqishni talab qilmoqda.
Bu esa “Apple"ga Britaniya maxsus xizmatlariga bulutga yuklangan har qanday kontentni, shu jumladan shifrlangan kontentni ko‘rish imkoniyatini taqdim etish majburiyatini yuklaydi.
Xabardor manbalardan birining aytishicha, “Apple"ga foydalanuvchilarni ularning akkauntida shifrlash o‘chirib qo‘yilgani haqida ogohlantirish ham taqiqlanadi.
Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, ichki ishlar vaziri idorasi allaqachon kompaniyaga huquq-tartibot idoralariga ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma yuborgan.
“Apple” buyruqni bajarishning qimmatligi va maxfiylikka xavf tug‘dirishi bahonasida unga e’tiroz bildirishi mumkin. Biroq, apellyatsiya buyruqning kuchga kirishini kechiktira olmaydi.
Nashr suhbatdoshlarining aytishicha, kompaniya Buyuk Britaniyadagi iCloud saqlash tizimining shifrlash funksiyasini o‘chirib qo‘yishni afzal ko‘radi, biroq butun dunyo foydalanuvchilarining ma’lumotlariga kirish imkoniyatini bermaydi.
“Apple” 2022-yil oxirida iCloud zaxira nusxasini to‘liq shifrlash funksiyasini joriy etdi, biroq bu funksiya kompaniya qurilmalarida avtomatik tarzda faollashtirilmagan. Ushbu funksiya sozlanganidan so‘ng, ma’lumotlarga faqat foydalanuvchining o‘zigina kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Buyuk Britaniya maxsus xizmatlarining fikricha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shifrlash terrorchilar va jinoyatchilarga huquq-tartibot idoralaridan osonroq yashirinish imkonini beradi.