Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochilmoqda. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu savdo uyi 220 kvadrat metr maydonda joylashgan bo‘lib, tadbirkorlar uchun mahsulotlarini Afg‘oniston bozoriga chiqarish, hamkorlar topish va eksportni kengaytirish uchun qulay platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Unda farmatsevtika, elektrotexnika va qurilish materiallari uchun doimiy faoliyat yurituvchi shourum va omborxona faoliyat ko‘rsatadi.
Savdo uyi ochilishidan tashqari, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Davron Vahobov tashrif doirasida mahalliy “Nasaji Textile Factory” to‘qimachilik korxonasiga tashrif buyurdi.
Uning rahbariyati bilan kooperatsiya loyihalari, eksport va import vazifalari yuzasidan muzokaralar o‘tkazdi.
Tomonlar O‘zbekistonga paxta tolasi va kalava ip yetkazib berish, to‘qimachilik mahsulotlari va yarim tayyor mahsulotlarni eksport qilishga kelishib oldilar.
Uchrashuvda o‘zaro tajriba almashish va ishlab chiqarish hajmini oshirish imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Shuningdek, Vahobov Baglan “Sugar Company” shakar zavodida bo‘lib, texnologik hamkorlik, xomashyo importi va shakar mahsulotlari eksporti masalalarini muhokama qildi. “Ishlab chiqarishni mustahkamlash va savdo aloqalarini kengaytirish to‘g‘risida” kelishuvga erishildi.
“Nasaji Textile Factory” — Afg‘onistondagi yirik to‘qimachilik korxonalaridan biri bo‘lib, 1920-yillarda tashkil etilgan. Paxtadan ip-kalava, gazlama va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish, shu jumladan eksport qilish bilan shug‘ullanadi. Fabrikada 350 dan ortiq kishi ishlaydi.
“Baglan Sugar Company” — 1938-yilda tashkil etilgan zavodi Afg‘oniston shakar sanoatidagi eng yiriklaridan biri hisoblanadi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekiston va Afg‘onistonning savdo zonasini tashkil etish va uglevodorodlarni birgalikda qazib olish rejalari haqida yozgandi.