2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini “Spot” avvalroq ko‘rib chiqqandi.

Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq “Temu” bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.

Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) “Temu” faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.

Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.

ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev “Spot"ga bergan intervyusida “Temu” faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.

elektron tijorat, ilma, kamronbek muhammadiyev, temu

Nega aynan 20-mart kuni “Temu” faoliyatiga cheklov kiritilmoqda?

Bu sana foydalanuvchilar o‘z buyurtmalarini olishga yoki pulni qaytarishga ulgurishlari uchun tanlangan.

“Temu"da o‘rtacha yetkazib berish muddati taxminan ikki hafta, ba’zan uch haftani tashkil etadi. Bu vaqt allaqachon buyurtma berganlar jo‘natmani olishi yoki mahsulotni qaytarishga ulgurishi uchun yetarli. Pul tez, odatda 2−3 kun ichida qaytariladi. Bu amalda sinalgan.

Ogohlantirish oldindan, 4-mart kuni berildi Bloklashgacha 15 kun qoldi — bu foydalanuvchilar barcha jarayonlarni yakunlashlari uchun yetarli.

Hech kim resurs bloklangan va buyurtmalar yoki pullar to‘xtab qolgan vaziyatga duch kelmasligi uchun oldindan ogohlantirish muhim edi.

Fuqarolar pulni allaqachon sarflab bo‘lganini tushungan holda, biz ularga xaridni yakunlashlari yoki pulni qaytarib olishlari uchun yetarli vaqt ajratdik.

Hozir hamma ogohlantirilgan. Bugundan boshlab yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmagan ma’qul, agar allaqachon buyurtma berilgan bo‘lsa — pulni qaytarib olish imkoniyati mavjud. Agar tovar yo‘lda bo‘lsa, u yetib keladi. Ammo yangi buyurtmalar bo‘yicha risklar bo‘lishi mumkin — bloklangandan so‘ng holatni kuzatish yoki qaytarishni rasmiylashtirish qiyinroq bo‘ladi.

Bloklash qanday amalga oshiriladi?

Biz blokirovkani texnik jihatdan amalga oshirmaymiz. O‘zbekistonda bu bilan Internet makoniga mas’ul bo‘lgan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi shug‘ullanadi. Cheklov aynan qanday amalga oshiriladi — bu ularga bog‘liq masala. Biz faqat elektron tijorat sohasidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlaymiz.

Aslida, bloklash platformadan foydalanish cheklanishini anglatadi. Foydalanuvchilar saytga kirib, marketpleys xizmatlaridan foydalana olmaydi.

Agar foydalanuvchilar aylanma yo‘llar bilan “Temu” orqali xaridlarni davom ettirsalar, ularga nisbatan sanksiyalar qo‘llaniladimi?

Foydalanuvchilar uchun hech qanday sanksiyalar bo‘lmaydi. Biz fuqarolarni “Temu"dan foydalangani yoki blokirovkani chetlab o‘tishga uringani uchun jazolash imkoniyatini ko‘rib chiqmayapmiz. Bu hatto muhokama ham qilinmaydi.

Biz elektron tijorat sohasidagi faoliyatni tartibga solamiz, fuqarolarni jazolamaymiz. Gap shundaki, platformaning o‘zi qonunchilikni buzmoqda, ro‘yxatdan o‘tish va soliqlarni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmayapti. Shuning uchun ham cheklovlar kiritilmoqda.

Ma’muriy va Jinoyat kodekslarida “Temu"ga kirgan foydalanuvchilarni jazolashga imkon beradigan hech qanday norma yo‘q va biz bunday choralarni joriy etishni rejalashtirmayapmiz.

“Temu” bloklashni chetlab o‘tishi mumkinmi?

Ha, agar ular o‘z faoliyatini qonunchilikka muvofiqlashtirsa. Ular O‘zbekistonda yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishlari, Soliq tizimlarining axborot tizimlariga ulanishlari, soliqlarni to‘lashlari va shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha talablarni bajarishlari kerak.

O‘zbekistonda yuridik shaxsni Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portal (my.gov.uz) orqali 15 daqiqada tashkil etish mumkin, ammo keyinchalik jarayon yanada murakkab ravishda davom etadi. Soliq hisobini yo‘lga qo‘yish, fiskal cheklar berish, shaxsiy ma’lumotlarni saqlash qoidalariga rioya qilish kerak. Biz ulardan o‘z platformalarini shu yerda joylashtirishni talab qilmaymiz.

Buyurtma berishda “Temu” shaxsiy ma’lumotlar, jumladan, familiya, ism, otasining ismi, tug‘ilgan sana hamda JShShIRni talab qiladi. “Pasport raqami” va “JShShIR” bo‘limida ularni to‘ldirish majburiy emasligi ko‘rsatilgan, biroq O‘zbekiston qonunchiligi ularni taqdim etishni talab qilishi qayd etilgan.

Yagona talab shundaki, o‘zbekistonliklarning shaxsiy ma’lumotlari dastlab O‘zbekistonda, mahalliy serverlarda saqlanishi shart, shundan so‘nggina ular chet elga uzatilishi mumkin. Bu odatiy amaliyot hisoblanadi va qonunchiligimizga to‘liq mos keladi.

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan boshqa xalqaro platformalar ham yangi talablarga moslasha boshladi. Biz ular bilan yaqindan hamkorlik qilamiz, bu jarayonda ko‘maklashamiz. Ammo “Temu” hozircha hech qanday qadam tashlamadi.

Bundan tashqari, ular O‘zbekistonda “pul ishlab topmayotgani"ni ro‘kach qilib, soliq organlariga soliq to‘lash niyati yo‘qligini rasman ma’lum qilishgan. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi aniq.

Nega aynan “Temu” bloklanishga uchradi?

Ba’zilar bloklash tanlab amalga oshiriladi deb o‘ylaydi, ammo bu unday emas. Yangi qoidalar barcha platformalarga taalluqli. Shunchaki, “Temu” eng yirik ishtirokchilardan biri bo‘lib, uning savdo hajmi boshqa onlayn bozorlarga nisbatan ancha yuqori hisoblanadi.

2024-yilning dekabr oyida “Temu” orqali har kuni O‘zbekistondan 45 mingta buyurtma qabul qilingan. Bu oyiga 1,35 mln buyurtma degani. Eng kam xarid summasi 100 ming so‘m bo‘lsa ham, oyiga 135 mlrd so‘m bo‘ladi. Dollarda esa bu — $10,5 mln.

Agar “Temu” oktabr oyidan beri faol ishlayotganini hisobga olsak, besh oy ichida mamlakatdan olib chiqilgan mablag‘lar hajmi kamida $50 mlnni tashkil etadi. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotidan soliqlar yoki investitsiyalar ko‘rinishida qaytmagan holda chiqib ketayotgan yirik mablag‘dir.

“Temu” bojsiz limitdan faol foydalanadi, ammo soliq to‘lamaydi. Har bir fuqaroning chet eldan xarid qilishi uchun belgilangan $1000 miqdoridagi ushbu chegara qonunchilikda aniq ko‘rsatilgan. Bu har bir fuqaroning qonuniy huquqi hisoblanadi. Hech kim shaxslarning o‘z limitidan foydalanishini taqiqlamaydi, agar ularning buyurtmalari belgilangan chegaradan oshmasa, hech kim ulardan boj to‘lashni talab qilmaydi.

Masala bunda emas. Muammo O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan, biroq soliq to‘lamaydigan marketpleyslardadir.

Mahalliy platformalarga qarang. Soliq idorasi saytiga kirsangiz, u yerda Marketpleyslar reyestri bor — bu soliq tizimi bilan integratsiyalashgan, fiskal cheklar beradigan kompaniyalar ro‘yxati.

Hozirda ushbu reyestrda 79 ta savdo platformasi mavjud bo‘lib, ular faqat rasmiy ro‘yxatdan o‘tgan va qoidalarga muvofiq ishlaydi. Biz hali buyurtmalar agregatorlari va boshqa xizmatlar haqida gapirmayapmiz. Ular xodimlar yollashadi, oylik berishadi, demak, daromad solig‘i to‘lashadi. Barcha biznes shaffof qoidalar asosida quriladi.

Tabiiyki, qonun doirasida ishlaydigan korxonalarning tannarxi yuqoriroq bo‘ladi. Ular soliq to‘laydi, barcha talablarga rioya etadi. Biroq keyinchalik “Temu” kabi marketpleyslar paydo bo‘lib, ular hech qanday to‘lov qilmasdan, narxlarni pasaytirib, barcha raqobatchilarni bozordan siqib chiqaradi. Bu adolatli emas. Bu sog‘lom raqobat hisoblanmaydi.

Narxlar dinamikasiga qaraydigan bo‘lsak, ularda ham allaqachon o‘sish boshlangan — noyabr va dekabr oylaridan narxlar asta-sekin ko‘tarilib bormoqda. Ular avvaliga bozorni egallash uchun juda arzon narxlar bilan kirib kelgan bo‘lsa, endi asta-sekin tovarlar narxini oshirib bormoqda.

Boshqa platformalarga ham shunga o‘xshash e’tirozlar bormi?

Bizda mutlaqo hech kimga e’tiroz yo‘q, qonunchilik talablari bor.

Biz ushbu talablarga rioya etilishini nazorat qiluvchi regulyatormiz. Ular hamma uchun ochiq bo‘lib, o‘zbek, rus va ingliz tillarida nashr etilgan.

“Temu” bilan bog‘liq vaziyat, boshqa narsalar qatorida, bozorning barcha ishtirokchilari uchun signaldir.

Bu talablar O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan barcha xalqaro platformalarga taalluqlidir. Masalan, “Ozon”, “WB”, “Wolt” o‘z vakolatxonasini ro‘yxatdan o‘tkazdi, soliq tizimi bilan integratsiyalashdi, fiskal cheklar bermoqda. Moslashish jarayonini allaqachon boshlagan boshqa kompaniyalar ham bor.

Biz xorijiy platformalarga ikkita variant taqim etamiz: yoki O‘zbekistonda yuridik shaxs ochish va to‘laqonli kompaniya sifatida ishlash, yoki “Google Tax” modeli bo‘yicha soliq to‘lash.

Biz muloqotga ochiqmiz, kompaniyalarga maslahat beramiz, yangi talablarni hal qilishda yordam ko‘rsatamiz. Lekin kimdir shunchaki qonunni mensimay, hech qanday chora ko‘rmayotgan bo‘lsa, demak, bunday platformalar O‘zbekistonda halol ishlashdan manfaatdor emas.

“Google”, “Amazon”, “YouTube”, “Facebook” kabi dunyoning eng yirik kompaniyalari allaqachon soliq hisobiga qo‘yilgan. Biz ular bilan muntazam aloqada bo‘lamiz, maslahat va yordam beramiz. Boshqalar ham shu yo‘ldan borishlari mumkin edi.

Bizning maqsadimiz kimdir monopolist bo‘lib, bozorni egallab olishi va hozirda faol rivojlanayotgan mahalliy elektron tijorat sektorini o‘ldirish emas.

Aksincha, biz barcha ishtirokchilar uchun shaffof va teng sharoitlar yaratilishidan manfaatdormiz, chunki bu bozorning muvozanatli o‘sishini va halol raqobatni ta’minlaydi.