Prezidentning 5-martdagi farmoni bilan O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholash tizimi yaratiladi.
Hujjat bilan ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymatini aniqlashning yangi usullari va mexanizmlarini joriy etish va keng qo‘llash, aholi va tadbirkorlarning iqtisodiy aktivlari o‘sib borishi uchun qulay sharoit yaratishning asosiy maqsadlari belgilandi.
Mamlakatdagi mavjud 8 mlndan ortiq turar va noturar joylar, 7 mlnga yaqin yer uchastkalarining iqtisodiy aktiv sifatidagi qiymati aniqlanadi.
Ko‘chmas mulk obyektining soliq solish, oldi-sotdi qilish, garovga qo‘yish, jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va boshqa holatlar uchun aniqlanadigan qiymati o‘zaro mutanosib bo‘lishini ta’minlash nazarda tutilgan.
Shu bilan birga, ko‘chmas mulk bozoriga oid ishonchli, to‘liq va davriy ravishda yangilanib boradigan axborot bazasini yaratish, soliq solishda adolatlilik tamoyilini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
2025-yildan bosqichma-bosqich barcha ko‘chmas mulk obyektlari davriy ravishda ommaviy baholashdan o‘tkaziladi. Bu orqali ularning bozor narxiga yaqin bo‘lgan qiymati aniqlanadi.
Ommaviy baholash ishlari quyidagi bosqichlarda amalga oshiriladi:
- 2025−2026 yillarda — eksperiment tarzida Toshkentda;
- 2026−2027 yillarda — Nukus shahri va viloyatlar markazlarida;
- 2027-yil va undan keyingi yillarda — qolgan hududlarda.
Buning uchun Kadastr agentligi huzurida Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tashkil etiladi. Shu bilan birga, agentlik sohadagi maxsus vakolatli organdir. Iqtisodiyot va moliya vazirligi esa ommaviy baholash sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi.
Ommaviy baholash tizimini normativ-huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash uchun “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti” belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
2026-yil oxirigacha Toshkent shahridagi tajriba asosida “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Unda xorijiy tajriba hamda xalqaro ekspertlarning xulosa va tavsiyalari inobatga olinadi.
Joriy yilning 1-noyabrigacha ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyotiga asosan “Ko‘chmas mulk bozori monitoringi” va “Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash” avtomatlashtirilgan axborot tizimlari ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi.
Avvalroq Markaziy bank 2024-yilda Toshkentda yer narxi va ijara to‘lovlari pasayganini qayd etgandi. Birlamchi uy-joy bozorida narxlar so‘mda 11,4% ga, ikkilamchi bozorda esa 6,3% ga oshdi.