Yanvar oyidan ko‘chmas mulk bozorida faollik tiklandi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlilida qayd etilgan.
Mazkur oyda oldi-sotdi shartnomalari soni 25,5 mingtani tashkil etib, o‘tgan yil yanvar oyiga nisbatan 17,4% ga ko‘paygan.
Yil boshidan ko‘chmas mulk oldi-sotdi dinamikasi ayrim hududlarida ijobiy tendensiyani ko‘rsatdi. Eng sezilarli o‘sish Jizzax viloyatida qayd etilib, sotuvlar 44% ga oshgan, shuningdek, Navoiy viloyatida 36% ga o‘sgan.
Toshkent shahri ko‘chmas mulk bozori umumiy hajmining 28%ni tashkil etib, bitimlar soni 18% ga o‘sgan.
Toshkentda uy-joy ijarasi
Yanvar oyida Toshkent shahridagi ijara bozorida faollik biroz pasaygan. O‘rtacha ijara narxi $8,1ni (bir kvadrat metr uchun) tashkil etdi.
Poytaxtning Mirobod, Shayxontohur va Yakkasaroy tumanlarida ijara narxi yuqoriligicha qolmoqda. Ushbu tumanlarda ijara narxi bir kvadrat metr uchun o‘rtacha $10ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, Toshkent shahrida ijara narxi o‘tgan yilga nisbatan 10,7%ga pasaygan. Eng katta pasayish Chilonzor (17,4%), Olmazor (16,7%) va Yashnobod (14,3%) tumanlarida qayd etilgan.
Ikkilamchi bozordagi uy-joy narxlari
Yanvar oyida respublika bo‘yicha ikkilamchi uy-joy narxlari o‘rtacha 0,3% ga oshib, o‘tgan yilga nisbatan 4,6% ga o‘sdi.
Yillik hisobda hududlar kesimida uy-joy narxlarining yuqori o‘sishi Surxondaryo (11,4%), Jizzax (10,4%) va Farg‘ona (8,4%) viloyatlarida kuzatildi.
Yanvar oyida Toshkent shahrida o‘rtacha uy-joy narxi deyarli o‘zgarmagan. Poytaxt tumanlari kesimida narxlar pasayishi Sergeli (-1,8%), Yunusobod (-1,7%) va Mirzo-Ulug‘bekda (-1,5%) qayd etilgan. Yillik hisobda Toshkent shahrida uy-joy narxi 2,3% ga pasaygan.