Qatar poytaxti Dohada “Startup Garage” venchur studiyasining ofisi o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati “Spot"ga xabar berdi.
Yangi ofis Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika (MENA) mintaqasida Markaziy Osiyodan chiqqan venchur loyihasining birinchi vakolatxonasi bo‘ldi.
Studiya asoschisi Muhammad Xalil ofisning ochilishini “Startup Garage” va umuman O‘zbekiston startap ekotizimini rivojlantirish uchun muhim qadam deb ta’rifladi.
Kompaniya Yaqin Sharq mamlakatlarida o‘z faoliyatini boshlayotgan startaplar uchun ko‘prik vazifasini bajarishni maqsad qilgan.
O‘z navbatida, Markaziy Osiyo bozorlariga kirishga qiziqqan Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari loyihalari ham qo‘shimcha imkoniyatlarga ega bo‘ladi.
Muhammad Xalilning ta’kidlashicha, “Startup Garage"ning bu hududda faoliyat yuritishi “mintaqalar o‘rtasida o‘ziga xos ko‘prik yaratib, startaplarga sarmoya, hamkorlar va kengayish imkoniyatlaridan foydalanish yo‘lini ochadi”.
“Aloqabank” qoshidagi “Aloqa Ventures” jamg‘armasi boshqaruvchi hamkori Suhrob G‘aybullayev “har ikkala mintaqadagi startaplar uchun ulkan imkoniyatlar” mavjudligini ta’kidladi. Ofis xodimlari O‘zbekistonlik tadbirkorlarga hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va sarmoyalarni jalb qilishda ko‘maklashadi.
“Startup Garage” 2024-yil iyulda Toshkentda o‘zining ilk ofisini ochdi va keyingi 8 oy ichida O‘zbekistonning barcha hududlarida faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. U “Aloqa Ventures” ko‘magida startaplarga mentorlik yordami, strategik maslahatlar va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni taqdim etadi.
Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, 100 dan ortiq mahalliy startap undan yordam olgan. Ularning o‘ntasi tashqi sarmoyalarni jalb qilish jarayonida, uchtasi esa taxminan 1 million dollar miqdorida moliyalashtirishga erishgan.
Avvalroq Spot “Aloqabank” yoshlar tadbirkorligi uchun onlayn platforma va yoshlar biznes-inkubatorlarini ishga tushirishi haqida xabar bergandi.