Avvalroq prezident xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2025-yilning 1-aprelidan soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalar yoki mahallalardagi tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar yangi tartibda amalga oshiriladi.

Bunda soliqqa oid huquqbuzarlik birinchi marta aniqlanganda ogohlantirish beriladi. Uch kunda u bartaraf etilmasa yoki takroran sodir etilsa, bu sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazishga asos bo‘ladi.

Sayyor soliq tekshiruvi 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etgan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.

Uning natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma qaror qabul qilishga asos bo‘ladi.

Tekshiruvlar quyidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘tkaziladi:

  • nazorat-kassa texnikasini yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish;
  • mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarni hamda mehnatga haq to‘lash fondini soliq hisobotida aks ettirmaslik;
  • yer maydonlaridan hujjatlarsiz yoxud unga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanish;
  • foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish yoki qazilmalar hajmini soliq hisobotida to‘liq aks ettirmaslik.

Soliq qo‘mitasi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Biznes-ombudsmanga aprelgacha ushbu holatlar bo‘yicha sayyor soliq tekshiruvini o‘tkazish tartibini belgilovchi normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish topshirildi.

Bundan tashqari, Soliq qo‘mitasi “Soliq xavfini aniqlash, tahlil qilish va baholash” avtomatlashtirilgan dasturidagi soliq xavfini aniqlash bo‘yicha mezonlar ro‘yxatini ochiq holatda o‘z saytida e’lon qilib borishi kerak. Bu bo‘yicha qo‘mitaga ikki oy muddatda ishlarni tashkillashtirish vazifasi yuklatildi.

1-maydan dastur natijalari asosida soliq bazasini yashirish yoki kamaytirib ko‘rsatish holatlari bo‘yicha o‘tkaziladigan soliq tekshiruvlariga bu haqida kamida 10 kuni oldin tadbirkorni xabardor qilish talabi tatbiq etilmaydi.

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlar tomonidan imtiyozlardan foydalanilgandan so‘ng daromad va ijtimoiy soliq bo‘yicha hisoblangan soliq summasining kamayishiga olib keladigan qayta hisobotlarni soliq organlari tomonidan asosliligi o‘rganilganidan so‘ng qabul qiladi.

2024-yilning noyabr oyida tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar tizimli amalga oshirilishi ma’lum qilingandi. O‘sha paytdagi biznes-ombudsman Dilmurod Qosimov tadbirkorlar huquqini himoya qilish va ular faoliyatida tekshiruvlarni tartibga solish tizimi qanday bo‘lishini tushuntirgandi.

Undan keyin qabul qilingan prezident farmoni bilan “Xavfni tahlil qilish” elektron tizimida tadbirkorlar faoliyatida huquqbuzarlik sodir etish xavfi past, o‘rta va yuqori darajalarga ajratilishi belgilandi.

Xavf darajasi past bo‘lgan tadbirkorlar faoliyati tekshirilmaydi. Xavf darajasi o‘rta va yuqori bo‘lgan tadbirkorlar esa yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga qaratilgan profilaktika tadbirlari o‘tkaziladi yoki tekshiruv o‘tkazilishi mumkin.

Avvalroq mikrofirma va kichik korxonalarga yillik statistika hisobotini har uch yilda bir marotaba topshirishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.