Avvalroq prezident xizmatlar sohasini barqaror rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan yengil avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni shahar, shahar atrofi va shaharlararo tashish o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatiga kiritildi. Natijada bunday ish va xizmatlar turi 104 taga yetdi.
O‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ishlashda davom etuvchi taksi haydovchilarining daromadlari “nol"dan hisob boshlanadi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zini o‘zi band qilganlarning soliq davri — bir yil davomida faoliyati yoki tovar va xizmatlar savdosidan olingan 100 mln so‘mgacha bo‘lgan daromadlariga soliq solinmaydi. Yil tugashi bilan yangi yil boshidan daromadlar qaytadan hisoblanadi.
Agar daromadlari 100 mln so‘mdan oshsa, taksichilar ham YTTlar uchun belgilangan tartibda soliqqa tortiladi. Masalan, 2024-yilda daromadlari belgilangan miqdordan oshgan yoki oshmaganidan qat’i nazar, 2025-yilda hisob-kitob “nol"dan boshlanib, ularning 100 mln so‘mgacha daromadlariga soliq hisoblanmaydi.
Shuningdek, qo‘mita taksi faoliyati bilan band bo‘lganlar uchun soliqni soliq agentlari (taksi agregatori) to‘lov manbaida avtomatik hisoblash va budjetga o‘tkazishga qaratilgan tegishli takliflar ishlab chiqilganini ma’lum qildi.
Bu daromadi 100 mln so‘mdan oshgan, ammo 1 mlrd so‘mgacha bo‘lganlarga nisbatan tatbiq etiladi. Mazkur taklif qabul qilinib, qonunchilikka kirilganida ushbu tartib asosida soliqqa tortish tizimi joriy etiladi.
2025-yilning 1-fevral holatiga ko‘ra, mamlakatda 736 ming nafar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi.
O‘zini o‘zi band qilganlarga tashuvlar bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi vaqtinchalik tartib 2022-yilning iyul oyida joriy etilgan va o‘sha yilning sentabr oyidan kuchga kirgandi. Biroq, uning amal qilish muddati joriy yilning 1-yanvarigacha edi.
Buning uchun o‘zini o‘zi band qilish (agar rasmiylashtirilmagan bo‘lsa), ruxsatnoma olish uchun Davlat xizmatlari markazi yoki Yagona portalga murojaat qilish hamda boj to‘lash talab etiladi.
Ular ushbu faoliyat bilan litsenziya varaqasi asosida shug‘ullanishlari mumkin. Buning uchun yiliga BHMning 1 baravari (375 ming so‘m) miqdorida davlat boji undiriladi.
Avvalroq “Wildberries"dan O‘zbekistondagi uch yillik faoliyati uchun 50 mlrd so‘mdan ortiq soliq undirilgani haqida xabar berilgandi. Soliq qo‘mitasi marketpleys faoliyati qonunchilik talablariga mos kelmasligini aniqladi.