Toshkent shahar hokimligi poytaxtdagi xonadonlar uchun chiqindi bo‘yicha cheklovlar joriy etilgani haqidagi xabarlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Hokimlik ijtimoiy tarmoqlardagi “bir xonadonga 3 qopdan chiqindi limiti qo‘yilgani” haqidagi ma’lumotlar asossiz ekanini qayd etdi.
“Hozirda Toshkentda maishiy chiqindilarni yig‘ish va olib ketish bo‘yicha hech qanday cheklovlar o‘rnatilmagan. Aholi va tadbirkorlar uchun ushbu xizmatlar odatdagidek davom etmoqda”, deyiladi xabarda.
Fuqarolarda xizmatlar yuzasidan savol hamda fikr-mulohazalar bo‘lsa, (+998) 71−247−02−11 hamda 71−247−79−21 raqamlariga murojaat qilish so‘ralgan.
Shu bilan birga “Telegram"dagi @maxsustrans_support guruhi orqali ham dispetcherlarga bog‘lanish mumkin.
Avvalroq Senat chiqindidan qarzdorlarga elektr energiyasi uchun to‘lovlarni cheklashga qaratilgan qonunni ma’qullagandi. Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqish xizmatlari uchun to‘lovlarni amalga oshirmaganlarga SMS jo‘natilib, ogohlantiriladi. Agar uch oy ichida qarzdorlik bartaraf etilmasa, elektr uchun to‘lovlarni qabul qilish vaqtincha cheklanadi.