Soliq tekshiruvlari natijalari natijasida “Wildberries” O‘zbekistonda 50 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘ladi. Bu haqda Soliq qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan elektron tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan subyektlar faoliyatini legallashtirish bo‘yicha o‘rganishlar olib borildi.

Mamlakatda Rossiyaning “Wildberries” marketpleysi faoliyatini amalga oshiruvchi “WB Int Eksport” korxonasida soliq auditi o‘tkazildi. Unda marketpleysning O‘zbekistondagi faoliyati soliq qonunchiligidagi ayrim talablarga mos kelmasligi aniqlandi.

Natijada “Wildberries” tomonidan 2022−2024-yillar uchun budjetga qo‘shimcha hisoblangan 51,2 mlrd so‘m (shundan 42,8 mlrd so‘mi QQS) soliq to‘lovlari to‘landi.

Soliq qo‘mitasi barcha soliq to‘lovchilarga yagona va obyektiv yondashuvni qo‘llab-quvvatlab, soliq majburiyatlarini bajarish uchun teng sharoitlarni yaratishga amal qilishini qayd etgan.

Bundan tashqari, faoliyatni O‘zbekiston qonunchiligi talablari asosida amalga oshirish soliq organlari bilan o‘zaro ochiq munosabatlarni ta’minlashi hamda e’tirozlar bildirish uchun asoslarni istisno qilishi ta’kidlangan.

2023-yilning noyabrida “Wildberries"ning mamlakatga kiritgan investitsiyalari $412,5 mlnni tashkil etib, 22,5 ming ish o‘rni yaratildi.

2024-yilda Toshkent, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridagi omborxonalar maydoni 350 ming kv metrga, platformadagi sotuvchilar soni esa 15 mingtagacha yetkazilishi rejalashtirilgandi.

O‘tgan yilning to‘qqiz oyida o‘zbekistonlik tadbirkorlarning “Wildberries"dagi savdosi yillik nisbatda 87 barobarga oshdi. Rossiyaga mahalliy kiyim-kechak va uy uchun to‘qimachilik mahsulotlari eksporti pul hisobida ikki-uch barobarga yetdi.