Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Rasul Kusherbayevning “Samarqand-Abu-Dabi” yo‘nalishi bilan “Wizz Air” aviakompaniyasi tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlardan foydalanganda muammoga duch kelgani yuzasidan qoldirgan murojaatini ko‘rib chiqdi.
Qo‘mitaning olib borgan o‘rganishlarida murojaatchining uchish davrida aviakompaniyaning ekipaj a’zolari tomonidan xorijiy tilda xavfsizlik qoidalari haqida ma’lumot berilgani, bu qoidalarni o‘zbek va rus tillarida tushuntirib berishlari so‘ralganida xodim tomonidan unga nisbatan qo‘pol muomalada bo‘lingan, bortni tark etishni talab qilingan va shu tarzda fuqaro mazkur reysda Abu-Dabiga yetib borgani ma’lum bo‘ldi.
Qo‘mita tomonidan Transport vazirligiga o‘rganishlar yuzasidan so‘rov xati yuborildi. Natijada o‘zboshimchalik bilan xatti-harakatlarni amalga oshirgan mazkur aviakompaniya xodimlariga nisbatan chora ko‘rildi.
Yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishda yuzaga kelgan kamchilik va xatolarni bartaraf etish maqsadida ekipaj a’zolariga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, muomala madaniyati, har bir mamlakatning parvozga aloqador qonunlari va tartib-taomillari hamda aviayo‘lovchilarni hurmat qilish bo‘yicha trening kurslari yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, aviakompaniya 2025-yilda O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatuvchi har bir havo kemasida bort kuzatuvchi va xizmat ko‘rsatuvchi personallar o‘zbek tilida faoliyat yuritishini yo‘lga qo‘yilishi ta’minlandi.
Avvalroq “Wizz Air” O‘zbekistonda qo‘shma aviakompaniya tashkil etmoqchi ekanligi haqida yozgandi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov aviakompaniyaga Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishni taklif etdi.