Avvalroq “Spot” AQSh 5-martdan boshlab Kanada va Meksikadan keltirilayotgan mahsulotlarga 25%lik bojxona to‘lovlarini joriy etmoqda.
Shuningdek, Xitoydan import qilinadigan mahsulotlarga bojxona to‘lovlarini ikki baravarga — 20%gacha oshirmoqda. Donald Tramp ma’muriyatining bu qarori fond bozorining pasayishiga olib keldi, Kanada dollari va Meksika pesosining qiymatini tushirdi.
Kanada va Xitoy AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan yangi bojxona tariflari yuzasidan Jahon savdo tashkilotiga (JST) shikoyat bilan murojaat qildi. Bu haqda “Reuters” va “Le Monde” nashrlar xabar bermoqda.
Kanada Bosh vaziri Jastin Tryudo AQShning Kanada tovarlariga qo‘ygan bojlarini “asossiz” deb baholadi va Trampni mamlakat iqtisodiyotini izdаn chiqarishga urinishda aybladi. Uning ta’kidlashicha, Oq uy Kanadani zaiflashtirishni istayapti, shunda “uni o‘ziga qo‘shib olish osonroq bo‘ladi”.
Ottava Jahon savdo tashkilotiga rasmiy shikoyat kiritdi va AQSh bilan maslahatlashuvlar o‘tkazishni so‘radi. Kanadaning tashkilotdagi elchisi boshqa iloj qolmaganligini, chunki Tramp Kanada mahsulotlari uchun istisno holatlarni muhokama qilishdan bosh tortganini qayd etdi.
Shu bilan bir vaqtda, Xitoy JSTga qayta ko‘rib chiqilgan so‘rov yuborib, Xitoy importiga tariflarning keskin oshirilishiga e’tiroz bildirdi.
Pekin yangi cheklovlarni “adolatsiz va erkin savdo tamoyillariga zid” ekanligini ta’kidladi. Xitoy Savdo vazirligi AQShning fentanil muammosi uchun ichki siyosat bilan shug‘ullanish o‘rniga “aybni boshqalarga yuklab qo‘yayotganini” ta’kidladi.
Tramp ma’muriyati muzokaralarga tayyor ekanligini, ammo o‘z talablaridan voz kechmasligini bildirmoqda.
AQSh savdo vaziri Govard Latnik prezidentning Kanada va Meksika uchun “yechim topishi” mumkinligini taxmin qildi, biroq uning fikricha, Xitoy giyohvand moddalar savdosining o‘sishini oldini olish uchun “hech qanday harakat qilmagan”.
JST qoidalariga ko‘ra, tomonlar 60 kun ichida nizoni hal qilishga harakat qilishlari lozim. Agar kelishuvga erishilmasa, Pekin arbitraj muhokamasini o‘tkazish uchun so‘rov yuborishga haqli bo‘ladi.
Savdo cheklovlari yiliga 2,2 trlnlik umumiy savdo hajmiga ta’sir qiladi. Iqtisodchilarning ogohlantirishicha, savdo urushi avtomobillar, elektronika va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxining oshishiga, shuningdek, global iqtisodiyotning sekinlashishiga olib kelishi mumkin.
Avvalroq “Spot” Buyuk Britaniya O‘zbekistonning JSTga qo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgani haqida yozgandi.
Mamlakat bilan bu jarayonda texnik yordamni kengaytirishga va mutaxassislarning xalqaro savdo sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirishga kelishildi.