7-mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bo‘lib o‘tgan marosimda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ayollarni bezovta qilayotgan eng katta masala ishsizlik ekani, xotin-qizlar bandligini ta’minlash va tadbirkorlikka jalb etish bo‘yicha dasturlar amalga oshirilayotgani qayd etildi. 2024-yilda bunga 17 trln so‘m kredit ajratildi. Ayol tadbirkorlar 81 trln so‘mlik mahsulot yaratib, $450 mlnlik eksportni amalga oshirdi.

“Shu boradagi amaliy qadam sifatida Savdo-sanoat palatasi huzurida Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etsak, nima deysizlar? Kengash joylarda ayol tadbirkorlarni qiynayotgan hayotiy muammolarni hal qilish bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri parlament oldiga masala qo‘ysa, o‘ylaymanki, ayni muddao bo‘ladi”, — dedi prezident.

Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Nodira Shotursunova bu ishlarga bosh-qosh bo‘ladi.

Joriy yil 2 mln nafar ayollar bandligini ta’minlash, shundan 1,3 mlnini tadbirkorlikka jalb etish rejalashtirilgan. Buning uchun banklar tomonidan ayollar tadbirkorligini rivojlantirishga qulay moliyaviy paketlar taqdim etiladi.

Xususan, quyidagi banklar xotin-qizlar loyihalariga ko‘maklashish va arzon kreditlar taqdim etish uchun jalb qilinadi:

  • “O‘zmilliybank” xizmatlar sohasida — 200 ming nafar;
  • “Turonbank” limonchilikda — 150 ming nafar ayollar
  • “Mikrokreditbank” parrandachilikda — 160 ming nafar;
  • “Sanoat qurilish bank” sabzavot va ko‘chatlar yetishtirishda — 160 ming;
  • “Xalq banki” uzum, brokkoli va mahalliy karam yetishtirishda — 150 ming;
  • “Agrobank” bog‘dorchilik yo‘nalishida — 144 ming;
  • “Biznesni rivojlantirish banki” ko‘kat, bulg‘or qalampiri, baqlajon va pomidor yetishtirishda — 94 ming;
  • “Asakabank” farmatsevtika va uzumchilikda — 82 ming;
  • “Aloqabank” IT, asalarichilik va mevali ekinlar yetishtirishda 58 ming nafar ayollarimizni band etishga ko‘maklashadi.

Buning uchun 2025-yilda mahallalarda ayollar tadbirkorligi loyihalari uchun qo‘shimcha 3,3 trln so‘m ajratiladi. Xususan, oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida yana $100 mln beriladi. Bunga qo‘shimcha ravishda banklar ham $100 mln jalb qilib, mahallalarda o‘zini o‘zi band qilgan xotin-qizlarga 50 mln so‘mgacha garovsiz kreditlar ajratadi.

Yangi tizim asosida Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturini boshlagan “Hamroh” kompaniyasiga $100 mln ajratilgan. Kreditini vaqtida to‘lagan ayol tadbirkorlarga dastur doirasida 100 mln so‘mgacha garovsiz kredit berish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, mahallada 5 nafar ayolni biznesga olib kirgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 mln so‘mgacha grant ajratiladi.

Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetov banklar bilan birga ikki oy muddatda banklarda xotin-qizlar uchun yangicha yondashuv asosida moliyaviy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish uchun mas’ul etib belgilandi.

Masalan, bunda tug‘ruq ta’tiliga chiqqan ayollar uchun bank kreditlari bo‘yicha to‘lovlar muddati 10 oygacha uzaytiriladi.

Avvalroq mikrofirma va kichik korxonalarga yillik statistika hisobotini har uch yilda bir marotaba topshirishga ruxsat berilishi ma’lum qilingandi.