O‘zbekiston mehnat shartnomasini tuzmagan ish beruvchilarni jarimaga tortish taklif qilinmoqda. Bu bo‘yicha Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan tegishli qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.

Unda qayd etilishicha, so‘nggi yillarda ko‘rilayotgan choralarga qaramay, savdo va umumiy ovqatlanish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, qurilish, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda norasmiy ishlayotgan fuqarolar ulushini kamaytirishning imkoni yo‘q.

Qonun loyihasi mehnat huquqlari va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining oldini olishga qaratilgan hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish kiritishni nazarda tutadi.

Norasmiy mehnat sharoitlari bir qator kamchiliklarni yuzaga chiqarmoqda: munosib haq to‘lamaslik, mehnat muhofazasi, ijtimoiy kafolatlarning yo‘qligi, mehnat staji va tajribani isbotlashning imkonsizligi, yoshga doir pensiya hamda ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda to‘lovlarni olmaslik kabilar.

Bu esa fuqarolarni norasmiy ishga jalb qilayotgan kompaniyalarga ta’sirchan choralar qo‘llash zaruriyatini talab etadi.

Xususan, fuqarolarni mehnat shartnomasini belgilangan tartibda rasmiylashtirmasdan yoki tuzmasdan ishga jalb qilish fuqarolarga BHMning 10 baravari (3,75 mln so‘m) miqdorida, mansabdor shaxslarga esa 30 baravari (11,25 mln so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Bu huquqbuzarlikni bir yilda takror sodir etgan mansabdor shaxslarga BHMning 200 baravari — 75 mln so‘mgacha miqdorda jarima qo‘llaniladi.

Qonun loyihasi bilan batafsil bu yerda tanishish mumkin. Fikr-mulohazalar joriy yilning 19-martigacha qabul qilinadi.

Yil boshida hukumat qarori bilan mehnat shartnomalarini elektron tartibda tuzish belgilangandi. Hujjat ish beruvchi va xodim o‘rtasida ERI yordamida imzolanishi kerak bo‘ladi.