Avvalroq 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlagani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha 4 bosqichli yangi tizim yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Birinchi bosqichda Savdo-sanoat palatasi mas’ulligida biznesga qiziqqan, lekin ko‘nikmasi bo‘lmagan 20 ming nafar xotin-qiz tadbirkorlikka o‘qitiladi. Ikkinchi bosqichda “Xalq banki” o‘zini o‘zi band qilgan 100 ming nafar ayolning kichik tadbirkor bo‘lishi uchun ko‘maklashadi.

Uchinchi bosqichda har bir tumanda 2 tadan kichik korxonani namunali o‘rta biznes darajasiga olib chiqishga “Hamroh” kompaniyasi mas’ul bo‘ladi.

To‘rtinchi bosqichda palata eng faol 50 nafar ayol tadbirkorni yillik aylanmasi 100 mlrd so‘mdan oshadigan “chempion tadbirkor"ga aylantiradi.

Joriy yilda 60 ta tumanni “ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hudud"ga aylantirish ko‘zda tutilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda hokimlar har bir viloyatning 2 tadan tumanini ishsiz ayollar qolmaydigan hududga aylantirish uchun mas’ul bo‘ladi.

“Umuman, 2025-yil ayollar bandligini ta’minlashda hal qiluvchi yil bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish, ishli qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 2 mln nafar ayolning bandligi ta’minlanadi.

Bunda Markaziy bank banklar bilan 1,3 mln nafar, Kasaba uyushmalari federatsiyasi “Ayollar daftari"ga kiritilgan 636 ming, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan 100 ming nafar xotin-qizni o‘qitib, ish bilan ta’minlash va biznesini ochishga ko‘maklashish uchun mas’ul bo‘ladi.

Avvalroq xotin-qizlar pillachilik bo‘yicha o‘quv kurslarida o‘qitilishi haqida xabar berilgandi. Kurslarni tamomlaganlar pillachilik klasterlari, ipak qurti urug‘chiligi korxonalari hamda bu yo‘nalishdagi fermer xo‘jaliklariga mavsumiy va doimiy ishlarga qabul qilinadi.