Prezidentning 4-martdagi qarori bilan O‘zbekiston va Germaniya hukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida sheriklik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.
Ushbu bitim 2024-yilning 15-sentabrida Germaniya kansleri Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi doirasida Samarqandda imzolangan 8 ta hujjatdan biridir.
Shartnomani amalga oshirishda Migratsiya agentligi tashqi mehnat migratsiyasi qismi bo‘yicha, Ichki ishlar vazirligi esa readmissiya qismi bo‘yicha vakolatli organlar etib belgilandi.
Hukumat tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari bilan xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin, uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
O‘sha vaqtdagi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Bekzod Musayev kelishuv shaffof, tashkillashtirilgan migratsiya jarayonlarini yo‘lga qo‘yishdagi birinchi qadam bo‘lganini qayd etgandi.
“Juda murakkab hujjat bir yil ichida tayyorlandi va imzolandi. Bitim bir yoki besh yilni emas, balki, 10, 20 hamda 30 yilni qamrab oladigan hujjat bo‘ldi”, — dedi u.
“Euronews” ta’kidlaganidek, kelishuv O‘zbekistondan malakali mutaxassislarning kirib kelishini soddalashtiradi. Shuningdek, u yuridik maqomiga ega bo‘lmagan shaxslarni deportatsiya qilishni tezlashtirishni ham nazarda tutadi.
Avvalroq o‘zbekistonlik avtobus haydovchilari Germaniyaga ishga qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Nomzodlar BC haydovchilik guvohnomasi hamda nemis tilidan xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari kerak.